Maktabgacha ta’lim: imkoniyat, bilim va tarbiya

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2018 yil yakunlariga ko‘ra maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olish darajasi 42,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil oxiriga qadar ushbu ko‘rsatkichni 63,2 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil boshidan buyon 8 ming 865 o‘ringa mo‘ljallangan nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda 3-6 yoshli bolalar soni 155 ming 561 nafar bo‘lib, shundan 74 ming 597 nafari 611 maktabgacha ta’lim muassasasiga qamrab olingan.
– Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha respublika miqyosida Qoraqalpog‘iston namunaviy hudud sifatida tanlangan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri Jumagul Usnatdinova. – 2019 yilda xususiy, davlat-xususiy sheriklik asosida jami 162 nodavlat va oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish hisobiga 5 ming 230 nafar, 6 yoshli bolalarni majburiy bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari va qisqa muddatli guruhlarni tashkil etish hisobiga 15 ming 45 nafar, mobil maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 79 nafar, investitsiya dasturi doirasida ta’mirlangan bog‘chalar va bo‘sh turgan binolarda 3 ming 385 nafar bolani qamrab olish natijasida qamrov darajasini 63,2 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Hududda bugungi kunda 5 ming 995 pedagog faoliyat olib bormoqda, ularning 2 ming 218 nafari (37 foizi) oliy ma’lumotli pedagog hisoblanadi. O‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 34,5 foizni tashkil qilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlarida maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, To‘rtko‘l tumanining “Guliston”, “Tozabog‘yop”, “Shodlik”, “Yangiobod”, “Mustaqillik”, “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlari va “Ullubog‘” ovul fuqarolar yig‘ini hududida 7 maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi. Qoraqalpog‘istonning eng chekka qishlog‘i bo‘lgan Ellikqal’a tumaniga qarashli Chuqurqoq qishlog‘ida ham 50 nafar bolaga mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim muassasasi filiali ishga tushdi.
2017-2019 yillar davomida Investitsiya dasturi doirasida hududda maktabgacha ta’lim muassasasida 6 yangi qurilish, 50 rekonstruksiya, 33 mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan, ushbu ishlarga 3 yil mobaynida 204 milliard 566 million so‘mdan ortiq miqdorida mablag‘lar ajratilgan.
2019 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga asosan 27 maktabgacha ta’lim muassasasida ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ushbu ishlarga 25 milliard 744 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

 

Yesimxon QANOATOV, O‘zA