Doʻstlik konserti

Poytaxtimizdagi “Xalqlar doʻstligi” saroyida Koreya Respublikasi estrada yulduzlari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Yurtimizdagi milliy madaniyat markazlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan konsertda Koreyaning Kanvondo viloyatining mashhur xonandalari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston koreys madaniyat markazlari assotsiatsiyasi raisi Viktor Pak, Koreya Respublikasining Kanvondo viloyati gubernatori oʻrinbosari Chong Man Xo Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi doʻstona aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi va Janubiy Koreya Prezidentlari tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik yangi bosqichda, doʻstona ruhda tobora mustahkamlanib bormoqda.
Oʻtgan asrning 30-40 yillarida taqdir taqozosi bilan Oʻzbekistonga kelgan koreys millatiga mansub aholi oʻzining mehnatsevarligi, matonati, uddaburonligi bilan xalqimiz oʻrtasida hurmat, eʼtibor qozondi. Ular yaqin qarindoshdek ahil yashab keladi. Mamlakatimizda yashab kelayotgan ushbu millat vakillari siyosat, ishlab chiqarish, madaniyat, taʼlim, ilm-fan sohasida samarali mehnat qilmoqda.
– Men koʻp yillar davomida energetika-qurilish sohasida oddiy ishchi boʻlib mehnat qildim, – dedi Valentina Kim. – Hozir yoshim 72 da. Farzandlarim, nevaralarim shu zaminda baxtini topdi. Oʻzbekiston biz uchun chin maʼnodagi Vatan. Bugungi konsert dasturi samimiy ruhi bilan barchaga manzur boʻldi.
– Ellik yildan buyon sahnadaman, – dedi koreyalik xonanda Kim Se Van. – Bugungi konsertda eng mashhur qoʻshiqlarimni ijro etdim. Oʻzbekistonlik doʻstlarimizning olqishi, ijromizga munosabati menga cheksiz ilhom bagʻishladi.
Doʻstlik, tinchlik, hamjihatlik, Vatan, chin insoniy tuygʻularni ulugʻlovchi qoʻshiqlar yangragan konsert musiqa ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olindi.

 

N.USMONOVA, OʻzA