Paradzyudo bo‘yicha Toshkent Gran-prisida O‘zbekiston terma jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi

Kecha poytaxtimizdagi ko‘p tarmoqli “Humo Arena” muz saroyida paradzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan IBSA Gran-prisi yakunlandi.
Toshkent Gran-prisidan farqli o‘laroq IBSA Gran-prisida O‘zbekiston terma jamoasi norasmiy umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ikki kun davom etgan musobaqalarda paradzyudochilarimiz to‘rtta oltin, uchta kumush va ikkita bronza medalini o‘z hisoblariga qo‘shib qo‘yishdi va medallar jamg‘arish bobida dunyoning 35 davlati vakillari orasida tengsiz bo‘ldi.
Jumladan, erkaklar o‘rtasidagi bahslarda terma jamoamiz ikkitadan oltin, kumush va bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ayollarimiz esa terma jamoamiz zaxirasiga ikkita oltin va bitta kumush medalni qo‘shib qo‘ydilar.
Bu borada bizdan keyingi eng yaxshi natija Eron terma jamoasiga tegishli bo‘lib, ular IBSA Gran-prisi bahslarini ikkita oltin medal bilan yakunlashdi. Ozarbayjonlik paradzyudochilar esa Toshkent tatamilarida bitta oltin, uchta kumush hamda yettita bronza medali bilan kuchli uchlikka yakun yasab berishdi.
IBSA Gran-prisida g‘olib va sovrindor bo‘lgan paradzyudochilarimiz bilan tanishing:
Erkaklar:
Uchqun Quronboev – oltin
Dovurxon Karomatov – oltin
Sherzod Namozov – kumush
Shirin Sharipov – kumush
Jaloliddin Avazov – bronza
Sulaymon Alaev – bronza
Ayollar:
Parvina Samandarova – oltin
Nafisa Sheripova – oltin
Vasila Aliboeva – kumush
Ta’kidlash joiz, IBSA Gran-prisidagi muvaffaqiyat orqali sportchilarimiz nafaqat oltin, kumush va bronza medallari, balki Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari uchun qimmatli reyting ochkolarini ham qo‘lga kiritishdi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

 

O‘zA