O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda so‘nggi yillarda test sinovlari orqali oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda qator kamchiliklar ko‘zga tashlanayotgani ta’kidlanadi. Xususan, “test sinovlarini o‘tkazish tartib-qoidalari, test sinovlari natijalarini e’lon qilish va uni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bugungi kun talablariga to‘liq javob bera olmayapti. Bu hol manfaatdor jamoatchilikning, ayniqsa, ota-onalarning test sinovlarini o‘tkazish jarayonlariga haqli ravishdagi e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda va har yili ularning ushbu masala yuzasidan qariyb 4 mingdan ziyod asosli murojaatlari kelib tushmoqda”, deyiladi qarorda.

Shuningdek, qarorda test sinovlarini o‘tkazishning moddiy-texnik ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni ham butunlay qaytadan ko‘rib chiqish lozimligi ta’kidlanadi. “Test sinovlari natijalari 2000-yilda xarid qilingan 4 ta optik skaner orqali chiqarilishi, test materiallarini chop etishga mo‘ljallangan ofis texnikasi (printer va komputerlar) ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirib ketganligi oqibatida test sinovlari natijalari qariyb 15-20 kunga cho‘zilib e’lon qilinishi bugungi kun talablariga javob bermaydi”, deyiladi qarorda.