Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari

Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotida jamoat tashkilotlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, profilaktika inspektorlari, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman va shaharlar kengashlari xodimlari qatnashdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik N.Bekmurodov, O‘zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasi huquqiy va kadrlar masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi A.Ergashev, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisining birinchi o‘rinbosari T.Ramonov va boshqalar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganishda mahallalar faoliyati muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 405 fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi faoliyat yuritmoqda. Ular tegishli davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Prezidentimizning 2017 yil 14 martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada barqarorlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.

– Bugun yurtimizning qaysi hududida bo‘lmang, bunyodkorlik ustidan chiqasiz, – deydi Ellikqal’a tumani Usmon Yusupov nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ro‘zimboy Soburov. – Bu tinchlik ne’matidir. Tinchlik barcha xalqlarning azaliy orzusi bo‘lib kelgan. U insonparvar va bag‘rikeng xalqimizning tili va dilidan mustahkam joy olgan eng oliy qadriyatdir. Xalqimizning “Qo‘shning tinch – sen tinch”, “Bir kun urush bo‘lgan joydan qirq kun baraka ketadi”, kabi naqllarida ham tinchlikning naqadar bebaho ne’mat ekani ta’kidlanadi. Bugungi seminar har jihatdan foydali bo‘ldi. Unda olgan bilimlarimiz kelgusi faoliyatimizda qo‘l keladi.

Seminarda mahallalarda “Bir bolaga yetti qo‘shni ham ota, ham ona” hikmatining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, “O‘z bolangni o‘zing asra!” degan da’vatni amaliy harakatga aylantirish, bu borada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlar ijro apparati o‘rnini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish profilaktikasi samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

 

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA