Oʻzbekiston delegatsiyasi AQSHda uchrashuvlar oʻtkazadi

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya AQSHga amaliy tashrifi doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, moliyaviy va investitsiya aloqalarni rivojlantirishga doir qator tadbir va uchrashuvlarda ishtirok etadi.
Delegatsiya tarkibidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Kapital bozorni rivojlantirish agentligi rahbarlari, “Oʻzbektelekom” AJ, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Infinbank” ATB, “Toshkent” RFB, “Oʻzavtosanoat” AK, “Markaziy depozitariy” DK, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Asaka” ATB, “OʻzRTXB” AJ hamda mamlakatimiz yetakchi xususiy aksionerlik kompaniyalarining 20 dan ortiq vakillari oʻrin olgan.
Oʻzbekistonning Vashington shahridagi Elchixonasi bergan maʼlumotga koʻra mazkur tashrifdan koʻzlangan maqsad – AQSH maʼmuriyatining qator vazirlik va idoralari, Jahon banki guruhi rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkazish, yirik korporatsiya va kompaniyalar, hej-fondlar, investitsion banklar va xalqaro moliyaviy institutlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish, Amerika biznesining mamlakatimizdagi davlat tashkilotlarini xususiylashtirish va modernizatsiya qilish dasturida ishtirok etishi boʻyicha istiqbolli rejalarni muhokama qilishdan iborat.
Tashrif doirasida AQSH maʼmuriyati va Kongressi aʼzolari, yetakchi tahlil markazlari ekspertlari hamda Amerika moliya korporatsiyalari, konsalting va yuridik firmalari vakillari uchun Oʻzbekistonning investitsion salohiyati haqida taqdimot oʻtkaziladi.
Vashingtonda Ikki tomonlama savdo-sanoat palatalari xalqaro ittifoqida oʻtkaziladigan “Diniy erkinliklar orqali barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotni ilgari surish” mavzusidagi shoʻba muhokamasida Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtiroki ham rejalashtirilgan. Tadbirda diniy erkinliklarni taʼminlash masalalari mamlakatimizda savdo-investitsion jozibadorlikni oshiruvchi muhim faktorlardan biri sifatida qayd etiladi.
Nyu-York shahrida “Oʻzbekiston kapital bozorining imkoniyatlari” investitsiya forumini tashkil etish ham koʻzda tutilgan boʻlib, forum AQSH investorlari, yetakchi fond birjalari va regulyatorlari bilan yaqin sherikchilik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va ular bilan muayyan ikki tomonlama loyihalar boʻyicha kelishuvlarga erishishga imkon beradi. Ushbu tadbirda strategik, institutsional va portfel investorlari qatoriga kiruvchi AQSH kompaniyalari va firmalari vakillari ishtirok etadi .
Tashrif davomida qator ikki tomonlama uchrashuvlar, xususan, Oq uy maʼmuriyati, Davlat departamenti, Gʻaznachilik va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi mansabdor shaxslari bilan muzokaralar oʻtkaziladi. Kongressda Senat va Vakillar palatasining “Oʻzbekiston boʻyicha Kokus” aʼzolari bilan uchrashuv tashkil etilib, AQSH Moliyaviy xizmatlar sohasini tartibga solish xizmati, Qimmatli qogʻozlar va birjalar boʻyicha komissiyasi rahbariyati, Jahon banki guruhi boshqaruvchi tarkibi vakillari va Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlari bilan muloqotlar uyushtiriladi.
Nyu-York shahrida Nyu-York fond birjasi va yuqori texnologik kompaniyalar aksiyalariga ixtisoslashgan NASDAQ birjasi rahbariyati bilan muzokaralar oʻtkaziladi. Oʻzbekiston vakillari Nyu-York fond birjasida birja savdolari ochilish marosimida ishtirok etadi.
Tashrif chogʻida qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

 

OʻzA