Shavkat Mirziyoyev Qirgʻizistonga joʻnab ketdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Bishkek shahriga joʻnab ketdi.
Avval xabar qilinganidek, SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashi majlisi kun tartibidan siyosat, iqtisodiyot va xavfsizlik sohalarida koʻp tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari oʻrin olgan. Shuningdek, davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadilar.
Sammit yakunida Bishkek deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan. Aʼzo davlatlar tashkilot doirasidagi koʻp qirrali sheriklikni, jumladan, hududlararo aloqalarni, raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya, turizm, sport va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlarni imzolashi koʻzda tutilgan.
345e5b75-c793-695a-d26a-b26f838cded0.jpg
Prezidentimiz sammitdagi ishtiroki doirasida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham oʻtkazadi.

 

OʻzA