“Oʻzavtosanoat”: kadrlar tanlashning yangi uslublari

Bu haqda Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida “Oʻzavtosanoat”AJ faoliyatiga yirik transmilliy kompaniyalar tajribalariga asoslangan eng yaxshi zamonaviy uslublarni joriy etishga bagʻishlangan matbuot anjumanida soʻz yuritildi.
Tadbirda “Oʻzavtosanoat”, “GM Uzbekistan” aksionerlik jamiyatlari, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti vakillari va jurnalistlar ishtirok etdi.
“Oʻzavtosanoat” AJ xodimlar bilan ishlash boʻyicha boshqarma boshligʻi L.Mamatovaning soʻzlariga koʻra, kadrlarni toʻgʻri tanlash va qayta tayyorlash har bir korxonaning iqtisodiy samaradorligiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Hozirgi zamon bozor sharoitida amaliy kadrlar siyosatisiz ulkan natijalarga erishib boʻlmaydi. Shak-shubhasiz, korxonaning har bir yutugʻi ortida xodimlarining matonatli mehnati turadi.
Bugungi kunda “Oʻzavtosanoat” AJ tarkibiga 85 tadan ortiq korxona kiradi, ularda 27 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi. Mahalliy avtosanoat 200 dan koʻproq xorijiy korxona va tashkilot bilan faol hamkorlik olib boradi.
Hozirgi vaqtda aksionerlik jamiyatining kadrlar siyosati oʻz rivojlanishining yangi bosqichini oʻtmoqda. Avvalgi kadrlarni tanlash va tayyorlash tizimi oʻrniga xodimlarni boshqarishning yangi uslublari va HR-menejment kelmoqda. Yangi kunlarda personalni KPL natijadorligi koʻrsatkichlari asosida baholash tizimi joriy etiladi. Jumladan, qoʻyiladigan baholar xodimlarning ish haqiga taʼsir etadi, bu esa ular uchun turtki vazifasini bajaradi. Bir vaqtning oʻzida “Oʻzavtosanoat” AJ barcha boʻlinmalarida tashkiliy tuzilmalar tahlil qilinib, optimallashtiriladi.
Avtosanoat korxonalari uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Toshkent shahrida Turin politexnika universiteti tashkil qilindi. Universitet ochilganiga oʻn yil boʻlgan boʻlsa, shu vaqt mobaynida uning negizida “Oʻzavtosanoat” va “GM Uzbekistan” aksionerlik jamiyatlari tomonidan 20 dan ortiq loyiha amalga oshirildi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab bu yerda oʻqishning yangi yoʻnalishi – “Avtomobil sanoati” ochiladi. Oʻqish “Oʻzavtosanoat” va “GM Uzbekistan” bilan hamkorlikda tayyorlangan dastur boʻyicha olib boriladi.
Shuningdek, mashinasozlik sohasida fanni rivojlantirish maqsadida joriy yilning may oyida Italiyadagi Turin politexnika universiteti va Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetlari oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi, unga koʻra Polito Double degree PhD qoʻshma doktorantura ochildi. Doktoranturani tugatgan bitiruvchilar birdaniga ikki universitet ilmiy darajasini olishadi.
Matbuot anjumanida “Oʻzavtosanoat” AJ xodimlari jurnalistlarning barcha savoliga javob berishdi.

 

Roman BONDARCHUK, OʻzA