Ikki tomonlama hamkorlikning yangi qirralari

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev 20 may kuni mamlakatimizga kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Slovakiya Respublikasi tashqi va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqotda Oʻzbekiston bilan Slovakiya Respublikasi oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik, xususan, parlamentlararo aloqalar, Oʻzbekiston va YEXHT munosabatlari yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda katta salohiyatga ega. Bunda qonun ijodkorligi faoliyatini oʻrganish va tajriba almashish boʻyicha parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish muhim oʻrin tutadi.
Uchrashuvda mehmonlar Oʻzbekistonda tub oʻzgarishlarni amalga oshirishni koʻzda tutadigan Harakatlar strategiyasi doirasida olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi.
Hozirgi kunda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasida Oʻzbekistonning doimiy delegatsiyasi faoliyat koʻrsatmoqda. Bu, oʻz navbatida, qonun ijodkorligi, parlamentarizm sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi faoliyat koʻrsatmoqda. Ushbu ofis oʻz loyihalari orqali mamlakatimizda xavfsizlik, iqtisodiy-ijtimoiy va ekologik muassasalarning institutsional imkoniyatlarini kengaytirishga texnik koʻmak koʻrsatmoqda. 2007 – 2017 yillarda umumiy qiymati 12 million yevrodan ziyod 150 dan ortiq ana shunday loyiha amalga oshirildi. Bugungi kunda 20 ta loyiha hayotga joriy etilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston – Slovakiya va Oʻzbekiston – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti shaklidagi hamkorlik mexanizmini mustahkamlash uchun barcha saʼy-harakatlarni ishga solishga tayyor ekanini bildirdi.

 

Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA