Chorak finalda “Barselona” – “MYu” to‘qnashuvi yoxud Gvardiola jamoasi finalgacha kataloniyaliklar bilan duch kelmaydi

Biroz muqaddam Shveysariyaning Non shahrida klublar o‘rtasidagi eng nufuzli turnir – UEFA Chempionlar ligasining chorak final o‘yinlariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Tadbirning faxriy mehmoni sifatida Italiyaning “Inter” klubi safida ushbu musobaqaning g‘olibiga aylangan braziliyalik darvozabon Julio Sezar ishtirok etdi.
Ko‘pchilikni qur’a jarayonida bitta savol o‘ylantirardi – Angliya klublari bu bosqichda bir-biriga ro‘baro‘ kelib qolishmaydimi? Taassufki, yarim final yo‘lida ikkita ingliz klubi, ya’ni “Manchester Siti” va “Tottenxem” duch keldi. Nachora, “qur’aning ko‘zi ko‘r”, deb shunga aytsalar kerakda.
Ushbu bosqichdagi markaziy bahs sifatida “Barselona” – “Manchester Yunayted” qarama-qarshiligini aytishimiz mumkin. To‘g‘ri, bugungi “qizil iblislar” tarkib va o‘yin salohiyati borasida kataloniyaliklardan ancha ortda qolishmoqda. Biroq, Sulsher shogirdlarining chorak final yo‘lida kimsan “Pari Sen-Jermen” klubidan sensatsion tarzda ustun kelganligi “MYu”ga bo‘lgan hurmatimizni oshiradi.
Chorak finalning qolgan ikki juftligi quyidagicha ko‘rinish oldi:
“Ayaks” (gollandiya) – “Yuventus” (Italiya)
“Liverpul” (Angliya) – “Portu” (Portugaliya)
Ushbu bosqichdagi dastlabki o‘yinlar 9/10 aprel, javob uchrashuvlari esa 16/17 aprel kunlari o‘tkaziladi.
Bugunning o‘zida yarim final juftliklari masalasiga ham oydinlik kiritildi. Unga ko‘ra “Tottenxem”/“Manchester Siti” juftligi g‘olibi yarim finalda “Ayaks”/“Yuventus” qarama-qarshiligida ustun kelgan jamoa bilan to‘qnash kelsa, “Barselona”/“Manchester Yunayted” bahsi g‘olibi “Liverpul”/“Portu” juftligida ustun kelgan jamoa bilan kuch sinashadi.
Xullas, ayni paytda ajoyib o‘yin namoyish etayotgan “Barselona” futbolchilari finalga qadar o‘zlarining sobiq bosh murabbiyi boshqarayotgan “Manchester Siti” bilan to‘qnashmaydi. Yarim finalning dastlabki o‘yinlari esa 30 aprel/1 may kunlari, javob uchrashuvlari esa 7/8 may kunlari bo‘lib o‘tadi.
Chempionlar ligasi-2019ning final o‘yini esa shu yilning 1 iyun sanasida Madriddagi “Vanda Metropolitano” stadionida o‘tkaziladi.

 

Otabek Eshmamatov, O‘zA