Jonkuyar maqom ustasi 70 yoshda

Jonkuyar maqom ustasi 70 yoshda

Shahrisabzda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “El-yurt hurmati” hamda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari sohibi, ustoz sanʼatkor, milliy maqom sanʼatimiz fidoyisi Elmurod Boymurodovga 70 yoshlik yubileyi munosabati bilan Prezident sovgʻasi – yangi xonadon kaliti topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda madaniyat va sanʼat sohasi vakillari, ijodkorning shogirdlari, doʻstlari, sohaga aloqador tashkilotlar vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Elmurod Boymurodov 1949 yilda Shahrisabz tumanining Miraki qishlogʻida tugʻilgan. Oʻrta maktabni bitirgach, Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutida (Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti) tahsil oldi. 1971 yilda institutning rejissyorlik boʻlimini muvaffaqiyatli tamomlab, Qori Zokir Sodiqov nomidagi Shahrisabz shahar xalq teatriga ishga keldi. 2014 yilga qadar, yaʼni 43 yil davomida ana shu teatrda rejissyor boʻlib ishladi. U teatrda rejissyorlik ishi bilan birga, 1972 yildayoq Shahrisabzda maqom ansamblini tashkil etdi. U muntazam ravishda ansambl faoliyatiga yosh isteʼdodlarni jalb etib, ularga maqom sirlarini oʻrgatib keldi.

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aynan Shahrisabzda Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga asos solinishida Elmurod Boymurodovning ham xizmati bor. Yarim asr davomida uning shogirdi boʻlgan juda katta avlod yetishib chiqdiki, oʻz ijodlari vositasida maqomning haqiqiy jozibasini, sehrini, siru sinoatini keng yoyib kelmoqda. Bu bugun Shahrisabzning maqom diyoriga aylanishiga omil boʻlgan asosiy jihatlardan biridir.

– Bugungi eʼtirofdan koʻnglim togʻdek koʻtarildi, – deydi E.Boymurodov. – Sanʼatning nonini yeyish oson emas, ayniqsa, maqom yoʻnalishida. Maqom qoʻshiqlarini oʻrganib, uni ijro etishga har kimning ham jurʼati yetmaydi. Buning uchun ijodkordan juda katta musiqiy ilm, ovoz, mahorat talab etiladi. Maqomni yoshlarga oʻrgatish esa yanada mashaqqatli ish. Shogirdlarim koʻp. Umuman, bugungi yoshlar sanʼatga juda qiziquvchan. Buning ustiga keyingi yillarda milliy maqom sanʼatimizni rivojlantirish borasida koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani, sanʼat ahliga imkoniyat va imtiyozlar, shart-sharoitlar yaratilayotgani tahsinga loyiq. Yosh sanʼatkorlarimizning kelajagi porloq. Xudo xohlasa, biz tarbiyalayotgan yoshlar kelajakda bunday imkoniyatlardan unumli foydalanadi va oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada yuksaklarga koʻtaradi.

Tadbirda Elmurod Boymurodovning koʻp yillar davomida madaniyat, sanʼat sohasida amalga oshirgan ishlari, xizmatlari haqida soʻz yuritildi.

Ustoz sanʼatkorning shogirdlari, doʻstlari, oila aʼzolari tomonidan qilingan musiqiy chiqishlar tadbirga yanada zavq bagʻishladi.

2.jpg

8.jpg
9.jpg

 

Oʻlmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), OʻzA

  25.01.2019, 08:44  |    112 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!