Vladimir Norov: Oʻzbekiston tashabbuslari SHHT faoliyatida yangi imkoniyatlar ochadi

SHHT Bosh kotibi Vladimir Norov masʼuliyatli yangi lavozimidagi faoliyati, Tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilajak saʼy-harakatlar haqida OʻzA muxbiriga intervyu berdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv chogʻida bildirilgan takliflar Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi sifatidagi kelgusi uch yillik faoliyatim uchun juda muhim. Davlatimiz rahbari men Oʻzbekistonning SHHTdek nufuzli tashkilotning masʼuliyatli lavozimiga tayinlangan birinchi vakili ekanimni alohida taʼkidladi. Bu ishonch menga Sindaoda SHHTga aʼzo boshqa davlatlar rahbarlari tomonidan ham bildirildi. Kelgusida oʻz bilim va tajribamni ushbu ishonchni oqlashga, aʼzo davlatlar manfaatlarini himoya qilishga qarataman.
Bosh kotib sifatida SHHT faoliyatida erishilgan anʼanalarga, tashkilot Xartiyasi va Shanxay ruhiga rioya qilish, aʼzo davlatlar oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan konseptual hujjatlarni hayotga joriy etish faoliyatimning asosiy tamoyiliga aylanadi.
2018 yildan Hindiston va Pokiston SHHTda teng huquqli aʼzo sifatida ishtirok eta boshladi. Ushbu davlatlarga qabul qilingan hujjatlar va SHHTning 30 ga yaqin ishchi organi faoliyatiga qoʻshilishga koʻmaklashish Kotibiyatning muhim vazifasi hisoblanadi. Chunki ushbu yangi aʼzolar Shanxay hamkorlik tashkilotining nufuzini yanada oshirishda katta rol oʻynaydi.
Bugungi kunda Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish nafaqat SHHT makonida, balki Markaziy Osiyoda xavfsizlik va izchil taraqqiyotni taʼminlashda muhim omillardan. Prezidentimiz shu bois “SHHT – Afgʻoniston” muloqot guruhi faoliyatini rivojlashtirish, bu borada aʼzo davlatlar bilan maxsus “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi. Pekinga borganimdan soʻng SHHT kotibiyati va aʼzo davlatlar muvofiqlashtiruvchilari bilan birga ushbu hujjatni ishlab chiqamiz.
Oʻzbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qoʻshma murojaatini roʻyobga chiqarish, xavfsizlik sohasida Toshkentda joylashgan SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bilan muvofiqlashtirilgan tadbirlarni oʻtkazishga eʼtibor qaratamiz.
Bugungi kunda SHHT makonida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik rivojlanmoqda, ammo koʻp tomonlama investitsiyaviy dasturlar hanuzgacha amalga oshirilmagan. Prezidentimiz Sindao sammitida bu masalaga ham eʼtibor qaratgan edi. Ushbu taklif davlatlar rahbarlari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Endilikda uni amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mexanizmlarni shakllantirish va undan samarali foydalanish talab etiladi.
Uchrashuvda transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish, logistika markazlari tuzish, savdo-iqtisodiy hamkorlikka toʻsqinlik qiladigan ortiqcha tarif va standartlarni yengillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Aʼzo davlatlar mintaqalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma klasterlar tashkil etish, fitosanitar sohasida umumiy standartlarni qabul qilish va “yashil koridor”larni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Oʻylaymanki, bu boradagi tashabbuslarning roʻyobga chiqishi SHHT faoliyatida yanada yangi imkoniyatlarni ochadi.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA