Hududlararo aloqalar kengaymoqda

Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim boshchiligidagi delegatsiya Fargʻona viloyatida boʻlib, qator uchrashuvlar oʻtkazdi.
 
6.JPG
Oʻzbekiston – Xitoy munosabatlari ayniqsa, keyingi yillarda jadal rivojlanmoqda. Hududlararo hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, xitoylik ishbilarmonlar bilan investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotgani bunda muhim ahamiyatga ega.
Fargʻona viloyatida Xitoy kapitali ishtirokidagi 55 qoʻshma korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yil iyul oyida viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya Xitoyda boʻlib, 407,3 million dollarlik investitsiya kiritish borasida kelishuvlarga erishdi. Ularning 358 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri Xitoy investitsiyasi ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalardir.
Viloyat hokimi Sh.Gʻaniyev bilan uchrashuvda viloyatga Xitoy investitsiyasini yanada keng jalb etish, ishbilarmonlar hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xitoyda Fargʻona viloyati hokimligining vakolatxonasini tashkil etishga kelishildi.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat boʻlimida elchi xonim bilan tashkil etilgan muloqot ham samimiy ruhda oʻtdi.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Fargʻona viloyati boʻlimi bilan Xitoy jurnalistlar assotsiatsiyasi oʻrtasida ijodiy aloqalar oʻrnatilgan. Soʻnggi uch yilda 28 fargʻonalik jurnalist tajriba almashish uchun Xitoyda, 31 nafar xitoylik jurnalist Fargʻonada boʻldi. Ijodiy hamkorlik natijalari ikki mamlakat ommaviy axborot vositalarining maqola va koʻrsatuvlarida aks etdi.
Szyan Yan xonim Shandun, Shansi provinsiyalari, Xitoy Markaziy televideniyesining SSTV-4 kanali, Sindao televideniyesi bilan fargʻonalik jurnalistlar hamkorligi amaliy natijalarga boy boʻlayotganini taʼkidladi. Kelgusida Fargʻona viloyati va Shansi provinsiyasiga jurnalistlar mediaturini tashkil etishga kelishib olindi. “Dono” nashriyotining “Siz Xitoyni bilasizmi?” megatanlovi va Xitoy tilida bolalar uchun “Bilimdon” jurnali chop etish loyihasi har tomonlama qoʻllab-quvvatlandi.
Xitoy elchisi Fargʻona davlat universitetida ham boʻlib, taʼlim sohasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida fikr almashdi. Bu yerda yoshlarga xitoy tilini oʻrgatish kursini tashkil etishga kelishib olindi.
Mehmonlar Fargʻona shahridagi “Moderna ceramic industries Fergana“ qoʻshma korxonasi, Margʻilon shahridagi “Narimteks” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʻlib, ushbu korxonalar faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, eksport imkoniyatlari bilan tanishdi.

 

Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA