Oʻzbekiston – Germaniya: parlamentlararo hamkorlik

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 31 oktyabr kuni Germaniya Bundestagining “GFR – Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi Manfred Grund boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
1.jpg
Muzokara avvalida Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm qoʻmitasi raisi A.Kurmanov mehmonlarga 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda qonunchilik asoslarini mustahkamlash boʻyicha olib borilayotgan izchil islohotlar toʻgʻrisida soʻzlab berdi.
Tomonlar Oʻzbekiston – Germaniya munosabatlarini, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Oʻzaro ishonch va manfaatdorlik Oʻzbekiston – Germaniya siyosiy munosabatlarining asosini tashkil etishi alohida qayd etildi.
“GFR – Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi M.Grund Germaniya Bundestagi tashkil etgan “Xalqaro parlament stipendiyasi” dasturi, uning maqsad-mohiyati toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Ushbu dastur istiqbolli kadrlarni Germaniya parlamenti faoliyati bilan tanishtirish va parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashni maqsad qilgan. Har yili Bundestagda amaliyot oʻtash uchun 120 ga yaqin stipendiya ajratiladi. 40 dan ortiq mamlakat vakillari ushbu dastur stipendiatlari hisoblanadi.
– Oktyabr oyida Bundestag Oʻzbekistonni ushbu dastur ishtirokchilari roʻyxatiga kiritish yuzasidan qaror qabul qildi, – dedi Manfred Grund. – Ishonamizki, Oʻzbekistonning ushbu roʻyxatga kiritilishi soha vakillarining xalqaro tajribalarni oʻrganishi hamda ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyishimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda industrial-innovatsion dasturlarni amalga oshirishda Germaniyaning ishtiroki, Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari oʻrtasida oʻzaro foydali muloqotni rivojlantirish, mintaqada xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyatni yumshatishda istiqbolli hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

 

Zuhra Mirzaboyeva, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA