Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi qoʻshma qoʻmitasining uchinchi majlisi oʻtkazildi

Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda huquq, investitsiya va savdo sohalarida hamkorlik boʻyicha Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi qoʻshma qoʻmitasining uchinchi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasiga investitsiyalarni jalb qilish sohasida hamkorlik qilish ustuvorliklari masalasi muhokama etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev mamlakatimizda mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat berilayotganini taʼkidladi. “Harakatlar strategiyasi” doirasida keng koʻlamli islohotlarning boshlangani Oʻzbekiston va Amerika oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga kuchli turtki berdi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmlarining 2017 yildagi 210,2 million dollardan joriy yilning birinchi yarim yilligida 256,8 million dollargacha oshgani fikrimizning dalilidir. Oʻzbekistonda amerikalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan 160 dan ortiq korxona va AQSHning koʻplab vakolatxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi AQSH oʻrtasidagi savdo munosabatlarida koʻproq qulaylik yaratish rejimi amal qilmoqda. Bunda Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga jiddiy hissa qoʻshmoqda.
“Jeneral Motors”, “Jeneral Elektrik”, “Ekson Mobayl”, “Koka Kola” kabi AQSH kompaniyalari Oʻzbekiston iqtisodiyotini tarkibiy diversifikatsiyalash va texnologik modernizatsiyalash jarayonlarida muhim rol oʻynamoqda. Oʻzbekiston va AQSHning ulkan salohiyatini hisobga olgan holda bu yoʻnalishlarda ikki tomonlama oʻzaro hamkorlik istiqbollari haqida soʻz yuritish mumkin.
Majlisda mamlakatda ochiq-oshkoralik, hisobdorlik boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etish va qonun ustuvorligini taʼminlash orqali tadbirkorlar va AQSH kompaniyalari uchun, birinchi navbatda, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor berilayotgani qayd etildi. Xususan, qishloq xoʻjaligi, energitika, kimyo, moliya, turizm, toʻqimachilik sanoati, sogʻliqni saqlash va raqamli texnologiyalar sohasida yanada yaqinroq hamkorlik qilish uchun sarmoya jalb qilish imkoniyatlari muhokama etildi. Shu munosabat bilan mamlakatda investetsiya muhitini takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi doirasida erishilgan natijalar haqida fikr yuritildi.
Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi va AQSH oʻrtasida savdo munosabatlari oʻsib borishini taʼminlash masalasi ham muhokama etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyidagi AQSHga davlat tashrifi davomida Oʻzbekiston va AQSH kompaniyalari oʻrtasida qiymati 4,8 milliard dollarni tashkil etgan 20dan ortiq yirik shartnoma imzolandi. Majlisda ana shu erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga koʻmaklashishda, savdo sohasini rivojlantirishda Qoʻshma palata faoliyatining turli masalalari muhokama etildi.
Majlisda huquqiy muhitni mustahkamlashning turli jihatlari, huquq, invvestitsiya va savdo sohalarida Oʻzbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasining strategiyasi va boʻlajak tadbirlari, kelgusi rejalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Amerika – Oʻzbekiston savdo palatasi qoʻshma qoʻmitasining toʻrtinchi majlisi muddatlari koʻrib chiqildi.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA