Oʻzbekiston-Fransiya: yangi bosqichdagi munosabatlar arafasida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Parijda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari, ilm-fan, madaniyat namoyandalarining qoʻshma tadbirlari boʻlib oʻtdi. Quyida ushbu tadbirlarda Fransiya jamoatchiligi vakillari bildirgan fikrlar bilan tanishasiz.

Fergal GOLDING, “Sofrecom” kompaniyasining mintaqaviy direktori:


– Oʻzbekiston jadal surʼatlarda rivojlanmoqda. Bu jarayonda mamlakatda ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib, xorijlik investorlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyat va imtiyozlar yaxshi samara berishi tabiiy, albatta.
Kompaniyamiz telekommunikatsiya va konsalting xizmatlarini amalga oshiradi. Biz Oʻzbekistondagi qulay ishbilarmonlik muhitidan foydalangan holda, “Oʻzbektelekom” kompaniyasi bilan telekommunikatsiya sohasida hamkorlik qilishni rejalashtirganmiz. Albatta, rejalarimiz ulkan, yangi gʻoya va takliflarimizni hayotga tatbiq etish niyatidamiz. Oʻz navbatida, oʻzbekistonlik hamkorlarimizning tajribasi ham biz uchun gʻoyat qadrlidir.

Emmanuel DYUPYUI, Yevropada istiqbolli tahlil va xavfsizlik instituti prezidenti:

– Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga ilk rasmiy tashrifi tarixiy voqeadir. Bu tashrif ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik koʻlamini kengaytirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatli.
Oʻzbekistonning tashqi siyosati ochiqlik, doʻstlik va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish tamoyillarini ifoda etadi. Bu jihat Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotida oʻz nufuziga egaligi va pozitsiyasini mustahkamlab borayotganida ham koʻzga tashlanadi.
Oʻzbekiston va Fransiya hamkorligining yangi bosqichi boshlanmoqda. Bu borada nafaqat savdo-iqtisodiy, balki boshqa jabhalarda ham aloqalar mustahkamlanayotgani eʼtiborga molik.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifi doirasida Fransiyada Buyuk ipak yoʻli davlatlari madaniyat koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtdi. Bu tadbir nafaqat Sharqdan Yevropaga yoʻl ochish, balki Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasida butunlay yangi munosabatlarni shakllantirishga asos boʻladi.

Arno SARЕD, “Natixis” investitsiya banki eksportni moliyalash boʻlimi rahbari:

– Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi iqtisodiy jihatdan ham samarali boʻlishi kutilmoqda. Biz Oʻzbekistonning yirik moliya muassasalari bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻyib, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid loyihalarni moliyalashtirishni rejalashtirganmiz. Oʻzbekistonda muqobil energiya manbalaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz bu sohadagi tajribamizni Oʻzbekistonga ham tatbiq qilib, tajriba almashishdan manfaatdormiz.
Prezident tashrifi doirasida juda muhim va salmoqli hujjatlarni imzolash arafasida turibmiz. Ishonamizki, kelajakda bizni birgalikda katta loyihalarni amalga oshirishdek maqsadlar yanada yaqinlashtiradi.

Natalya XANJЕNKOVA, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo va Rossiya boʻyicha boshqaruvi direktori:

– Keyingi yillarda YETTB bilan Oʻzbekiston oʻrtasida hamkorlik munosabatlari yanada mustahkamlandi. Oʻtgan yili dastlabki oltita loyiha ustida ish boshladik. Ayni paytda iqtisodiy islohotlarni rivojlantirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, davlat-xususiy sherikligini qoʻllab-quvvatlash jarayonida ishtirok etayapmiz.
Yaqinda Oʻzbekistonda kelasi besh yilga moʻljallangan faoliyat strategiyamizni tasdiqladik. Bu, albatta, mamlakatingizdagi faoliyatimizni yanada samarali yoʻlga qoʻyishga asos boʻladi.

Mark BONNЕL, Fransiyadagi Avitsenna assotsiatsiyasi prezidenti:

– Oʻzbekistonning ochiq, konstruktiv siyosati uning xalqaro miqyosdagi imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Prezidentingizning bu boradagi tashabbuslarini qadrlaymiz. Abu Ali ibn Sino nafaqat ulugʻ hakimi hoziq, balki koʻplab nodir asarlar yozib qoldirgan buyuk allomadir. Katta mamnuniyat bilan aytish mumkinki, dunyo Oʻzbekistonni buyuk shaxslar va boqiy durdonalar mamlakati sifatida qayta-qayta kashf qilishi uchun sabablar juda koʻp. Fransiya ham bugun ana shunday yangi bosqichdagi munosabatlar oldida turibdi.

 

OʻzA