Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining taʼsis yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati maʼlum qildi.
Yigʻilishni Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriyev kirish soʻzi bilan ochdi. U Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari mamlakatimizda matbuot va axborot sohasiga doir qonunchilik ijrosini taʼminlashda faol ishtirok etish, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish, shuningdek, sohada yoʻl qoʻyilayotgan baʼzi kamchiliklarning oldini olish, bu borada zarur maslahat koʻmagini koʻrsatishni alohida taʼkidladi.
Bundan tashqari, L.Tangriyev Jamoatchilik kengashi aʼzolarini yuqorida taʼkidlangan masalalarda faol boʻlishga, sohani yanada takomillashtirish, rivojlantirish, zamonaviy va kreativ yondashuvlarni joriy qilish, xato va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha doimiy ravishda oʻz fikr-mulohazalari, tavsiyalarini bildirib borishga chaqirdi.
Tadbirda tobora globallashayotgan bugungi dunyoda axborot xavfsizligini taʼminlash, axborot sohasidagi xuruj va tahdidlarning oldini olish, mamlakatimiz fuqarolari va yuridik shaxslarining axborotlarni tayyorlash, tarqatish, ulardan foydalanishdagi huquq va manfaatlarini himoya qilishda Agentlik mazkur Kengash bilan hamjihatlikda faoliyat olib borishi bildirildi.
Yurtimizdagi ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, axborot-kutubxonalari faoliyati, ularning malakali kadrlar bilan taʼminlanishi, nashrlarning mazmun-mundarijasi, matbaa sifati, kutubxonalarning moddiy-texnik ahvoli, kitob fondi, xizmat koʻrsatish darajasi va boshqa koʻplab muammolar bu yerda ochiq va oshkor tahlil qilinadi. Mavjud muammolarning asl sabablari aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Yigʻilishda Jamoatchilik kengashi raisi, filologiya fanlari doktori Xurshid Doʻstmuhammad, Jamoatchilik kengashi aʼzosi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Omonulla Madayev va boshqalar soʻzga chiqdi.
Kengash faoliyati bilan bogʻliq tashkiliy masalalar, shu jumladan, dastlab gazeta va jurnallar, nashriyotlar, keyinchalik tele va radiokanallar, veb-saytlar va axborot-kutubxonalar faoliyatini tahlil qilish asosida tayyorlangan xulosa, taklif va tavsiyalar ommaviy axborot vositalarida, Agentlik veb-saytida keng jamoatchilik eʼtiboriga tizimli ravishda yetkazib borishga kelishib olishdi.

 

OʻzA