2018-yilning 7 oyida xorijga ishlash uchun ketgan hamyurtlarimiz haqida nimalar maʼlum?

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligidan maʼlum qilishicha, 2018-yilning 7 oyi davomida 1366 fuqaro Koreya Respublikasiga, 561 fuqaro Rossiya Federatsiyasiga, 277 fuqaro Turkiya Respublikasiga va 5 fuqaro Polsha davlatiga qurilish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida ishlash uchun yuborilgan. Shuningdek, 18 ming 25 fuqaroga Agentlik, uning hududiy filiallari, hamda mehnat organlari tomonidan maslahat berish, roʻyxatga olish hamda imtiyozli chiptalar berilishi orqali Rossiyada mehnat faoliyatini boshlashga koʻmaklashildi.
Koreya Respublikasiga ishga ketgan fuqarolarning shartnoma muddati 4 yilu 10 oygacha boʻlgan muddatni, Rossiya va Polsha davlatlariga ketgan fuqarolarning shartnoma muddati 1 yilgacha boʻlgan muddatni, Turkiyaga ketgan fuqarolarning shartnoma muddati mavsumiy hisoblanib, mehmonxona xizmatida 7 oydan 1 yilgacha boʻlgan muddatni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga chiqadigan fuqarolarga bir qator imtiyozlar va imkoniyatlar yaratildi.
Unga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Agentlik filiallari huzurida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ishga chiqayotgan fuqarolarga temir yoʻl va aviachiptalarni 20 foizlik chegirma asosida sotishga ixtisoslashtirilgan maxsus kassalar (14 ta) tashkil etildi va joriy yilning 2-aprelidan toʻliq ishga tushirilib, chiptalar sotuvi yoʻlga qoʻyildi.
Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ishga chiqayotgan fuqarolarni roʻyxatga olish maʼlumotlar bazasining elektron dasturiy taʼminoti ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.
AT “Aloqabank” va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK hamda AT “Aloqabank” va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ oʻrtasida temir yoʻl va aviachipta xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash uchun 300 ming soʻmgacha miqdordagi toʻlovni amalga oshirish boʻyicha ikki tomonlama kelishuv ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

 

Ulugʻbek Asrorov, OʻzA