Jasorat va vatanparvarlik ramzi

30-avgust – “Jaloliddin Manguberdi” ordeni taʼsis etilgan kun
 

Jaloliddin Manguberdi tarixda jasorati va vatanparvarligi bilan nom qozongan. U Vatan ozodligi yoʻlida mislsiz qahramonlik koʻrsatib, millatni hurriyat sari ruhlantirgan jasur sarkarda sifatida ehtiromga loyiq.

Tarixdan maʼlumki, Jaloliddin Manguberdi endigina 21 yoshni qarshilagan paytda Vatanni ozod etishdek sharafli va ogʻir masʼuliyatli vazifa zimmasiga tushadi. Sulton Jaloliddin yurt mustaqilligini saqlab qolish uchun yovlarga qarshi 11 yil jang qilib, mislsiz qahramonlik koʻrsatadi.

Mustaqillik yillarida chinakam xalq qahramonlarining hayoti va oʻlmas jasoratini ulugʻlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratildi. 1999 yilda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi keng nishonlandi. Xorazmda uning xotirasiga muhtasham yodgorlik majmui barpo etildi. Bobomizning hayoti, faoliyatiga bagʻishlangan turli asarlar yaratilib, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilmoqda.

2000-yilning 30-avgustida Oʻzbekiston Respublikasining “Jaloliddin Manguberdi” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi.

Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan mamlakat mustaqilligini, Vatan sarhadlarini, ona yurt tuprogʻini himoya qilishda hamda uni koʻz qorachigʻiday asrashda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunalarini koʻrsatgan, davlatimizning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshgan qoʻmondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilar mukofotlanadi.

Jaloliddin Manguberdi ordeni Oʻzbekiston Respublikasining oliy harbiy mukofoti hisoblanadi. Orden bilan mukofotlash va uni topshirish Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida“gi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Mazkur orden bilan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar, harbiy boʻlinmalar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari ham taqdirlanishi mumkin.

Orden 925 probali kumushdan tayyorlanadi, qirrador kumushrang nurlar taralgan beshburchak shaklga ega. Beshburchak jo boʻlgan doiraning diametri 55 millimetrdir. Ordenning markazida, oq aylana bilan hoshiyalangan doirada, taralayotgan nurlar fonida Jaloliddin Manguberdining qabariq zarhal tasviri joylashgan. Siymo ortidagi fon havorang-moviy emal bilan qoplangan.

Aylananing yuqori qismida doira boʻylab “JALOLIDDIN MANGUBERDI” degan yozuv joylashgan. Aylananing sirt diametri 35 millimetr. Aylananing pastki qismida yashil emal qoplangan ikkita dafna novdasi simmetrik tarzda joylashgan boʻlib, barglari orasiga fianit kristallar oʻrnatilgan. Aylana uzra, markaz boʻylab oʻlchami boʻyicha diametri 8 millimetrli doiraga jo boʻladigan tillarang musamman joylashgan. Ordenning orqa tomoni botiq. Oʻrtasida burama qadagʻichi bor. Pastki qismida ordenning tartib raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.

2003-yil 22-avgustda Xorazm viloyati Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan mukofotlangan.

Ulugʻ bobomizning hurlik va ozodlik yoʻlidagi tengsiz jasorati va fidoyiligi istiqlolning xalqimiz hayotidagi ahamiyatining yaqqol namoyonidir. Shu bilan birga, barchamizni bugungi tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetishga, yurt taqdiri uchun doimo daxldorlik tuygʻusi bilan yashashga chorlaydi.

 

N. Nasriyev, OʻzA