Qoraqalpog‘istonlik o‘quvchilar xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi

Qirg‘izistonda o‘tkazilayotgan “Issыk-Kul sobirayet druzey – 2018” xalqaro etno-karnavalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanining 17-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari jamoaviy chiqishda “Narodnoye instrument” yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi.
photo_2018-07-17_10-26-11.jpg
Shuningdek, mazkur maktab o‘quvchisi Seytova Shaxsanem yakkaxon ijroda 2-o‘rinni egalladi. O‘zA muxbiriga bu haqida tadbir ishtirokchilari Bishkek shahridan telefon orqali ma’lum qildi.
photo5364222687813151182.jpg
– Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan mazkur to‘qqizinchi xalqaro etno-karnavalda dunyoning 50 ga yaqin davlatlaridan bolalar ishtirok etmoqda, – deydi Yoshlar ittifoqining Qoraqalpog‘iston Kengashi matbuot kotibi Klara Xudaybergenova. – Ushbu tadbirda taxtako‘pirlik 10 o‘quvchi ishtirok etmoqda.
photo5364222687813151183.jpg
Etno-karnaval Qirg‘iziston, MDH va xorijiy davlatlarning etnomadaniy xususiyatlarini o‘rganish, tiklash va saqlab qolish, mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarni mustahkamlash, turli mamlakatlar yoshlari o‘rtasidagi madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, badiiy qobiliyatlarini yuksaltirish, musiqiy, vokal, xoreografik mahoratini oshirish hamda sayyohlik ko‘nikmalarni takomillashtirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Xalqaro etno-karnaval joriy 13-iyul kuni Bishkek shahrida ochilgan bo‘lib, 20-iyulga qadar davom etadi.

 

Yesimxon Qanoatov, O‘zA