“Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” – yuqori darajali muloqot

O‘zbekiston delegatsiyasi “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi yuqori darajali muloqotda ishtirok etdi.

Joriy yilning 9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov boshchiligidagi delegatsiya Ashxobod shahrida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha yuqori darajali Muloqotning navbatdagi uchrashuvida ishtirok etdi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lumot berdi.
Unda 2017 yil iyun oyida Bishkek shahridagi Muloqotning so‘nggi majlisi hamda 2018 yil mart oyida Toshkent shahridagi vazirlarning norasmiy uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklida turli darajali bo‘lajak uchrashuvlar jadvali va kun tartibi muhokama qilindi.

Uchrashuvda terrorizm bilan kurashish va zo‘ravonlik ekstremizmini oldini olishda hamkorlikni faollashtirish choralari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, delegatsiyalar tomonidan narkotiklarning noqonuniy aylanishi va uyushgan jinoyatchilik bilan kurash sohasidagi hamkorlik masalalari hamda mintaqaviy ekologik muammolar ko‘rib chiqildi.

 

O‘zA