Bolgariya delegatsiyasi Samarqandda

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan “Bolgariya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisi Adlen Shukri Shevked xonim boshchiligidagi Bolgariya Respublikasi Xalq majlisi delegatsiyasi 4 iyul kuni Samarqandga tashrif buyurdi.

photo5323644605599689003.jpg

Samarqand viloyati hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat hokimi T.Jo‘rayev mehmonlarga viloyatning sanoat salohiyati, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Keyingi yillarda mazkur sohalarni jadal rivojlantirish maqsadida davlatimiz tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar, xorijiy investorlar uchun beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida so‘z yuritdi. Ayniqsa, turizm yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar natijasida bugungi kunda ko‘plab xorijiy sayyohlik kompaniyalari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi. Samarqand viloyati rahbariyati, turizm sohasi vakillari bu borada bolgariyalik tadbirkorlar bilan ishlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.

photo5323644605599689004.jpg

Adlen Shukri Shevked xonim O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar bugun xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini ta’kidlab, bu yaqin orada o‘z samarasini berishini ta’kidladi. Shuningdek, davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar uzoq tarixga ega ekanini qayd etib, Bolgariya parlamenti bu hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishini bildirdi.

Bolgariya delegatsiyasi a’zolari samarqandlik tadbirkorlar bilan suhbatlashib, turli sohalar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashdi.

Samarqandga tashrif davomida mehmonlar shahardagi bir necha asrlik tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.

 

G‘.Hasanov, Alisher Isroilov (surat) O‘zA