Shavkat Mirziyoyev o‘yinchoqlar ishlab chiqaradigan korxona faoliyati bilan tanishdi

Prezidentimiz o‘tgan yilning 21 aprelida Olmazor tumaniga tashrifi davomida sobiq Toshkent o‘yinchoqlar fabrikasi negizida bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergan, bu ishga Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mas’ul etib tayinlangan edi.

Davlatimiz rahbari tumanga navbatdagi tashrifi doirasida ushbu korxonada bo‘lib, amalga oshirilgan investitsiya loyihalari bilan tanishdi.

e8eddb55-4cab-0227-53ba-7c6ad97f4f7d.jpg

Xususan, fabrika hududidagi ishlab chiqarish maydonlaridan unumli foydalanish maqsadida, “NBU Investment” MCHJ tomonidan tashabbuskor-investorlar bilan birgalikda 5 ta yangi korxona (“Toys City”, “O‘yinchoqlar Fabrikasi”, “Funny Kids World”, “National Products” va “United Nation company” MCHJ QK) tashkil etildi .

Bugungi kunda ushbu korxonalarda turli xildagi zamonaviy bolalar buyumlari va o‘yinchoqlari ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 209 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihalar to‘liq ishga tushganidan so‘ng 920 dan ortiq yangi ish o‘rini yaratiladi.

Hozirga kelib, loyihalar doirasida zarur bino-inshootlarni qurish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, imzolangan import shartnomalari bo‘yicha asbob-uskunalarning bir qismi olib kelinib, ular montaj qilinmoqda. Uskunalarning qolgan qismi 2018 yilning iyul oyi davomida yetkazib beriladi.

Bugungi kunda “Toys City” korxonasi ishga tushirilgan bo‘lib, 70 ga yaqin mahsulot tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ahamiyatlisi, xomashyoning asosiy qismi mahalliy korxonalardan olinayotgani bois mahsulotlar narxi xorijnikidan ancha past, sifati ham yuqori.

Shavkat Mirziyoyev mazkur korxonada o‘yinchoqlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

– Har bir ota-ona farzandining jismonan sog‘lom, dunyoqarashi keng, yuksak ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lib ulg‘ayishini istaydi. Bunda o‘yinchoqlarning ahamiyati katta, – dedi Prezidentimiz. – Bu yerda tashkil etilayotgan korxonalarda ishlab chiqariladigan o‘yinchoqlar sifati jihatidan xorijnikidan kam bo‘lmasligi kerak.

 

Ziyodulla Jonibekov, O‘zA