Mamlakatimizda fuqarolarning biometrik pasport olishi uchun belgilangan oxirgi muddat tugashiga 5 kun qoldi.

Shu munosabat bilan bugungi kunda ichki ishlar tizimidagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari yanada gavjum. Xo‘sh, ushbu vaziyatda aholiga yanada qulaylik yaratish borasida soha mas’ullari tomonidan qanday choralar ko‘rilmoqda?

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda soha mutaxassislari tomonidan dam olish kunlarisiz ish tartibi joriy etilgan.

– Avvalo, iyun oyi oxirida uzundan-uzoq navbatlar vujudga kelishining oldini olish maqsadida puxta tayyorgarlik ko‘rildi, – deydi Yangiyo‘l tumani ichki ishlar bo‘limi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i H.Samatov. – Mahallalarda aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, iyun oyiga qadar aksariyat fuqarolarning eski turdagi pasportini biometrik pasportga almashtirishga erishdik. To‘g‘ri, hozir ham bo‘lim fuqarolar bilan gavjum. Lekin ularning ortiqcha vaqt yo‘qotishiga yoki boshqa turdagi salbiy holatlar kuzatilishiga umuman yo‘l qo‘yilmayapti.

Darhaqiqat, biometrik pasport olish maqsadida bu yerga tashrif buyurgan fuqarolarga birinchi navbatda rasmga tushish va biometrik ma’lumotlarni topshirish uchun o‘zlariga qulay vaqtga qarab, aniq sanasi va vaqti ko‘rsatilgan navbat taloni berilmoqda. Bu esa, odamlar ortiqcha vaqt yo‘qotishining oldini olishga xizmat qilayotir. Keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolar xonadoniga borilib, zarur ma’lumotlar o‘sha joyning o‘zida olinmoqda. Ayni jarayon uchun davlat bojini qabul qiluvchi bank shoxobchasida ham dam olish kunisiz ish tartibi joriy etilgan.

 

Avaz Xudoyqulov, O‘zA