“Namunali maktab” loyihasi yaratiladi

Mamlakatimizda aksariyat maktablar ancha yillar oldin tasdiqlangan loyihalar asosida qurilgan va bu hamon davom etmoqda. Lekin bugungi kunning zamonaviy maktablari qanday bo‘lishi kerak?
Ko‘pchilik maktablar 2 yoki 3 qavat qilib qurilgan. Holbuki, ularni 4 yoki 5 qavat qilib qurishga hech narsa monelik qilmaydi. Maktablarning ko‘proq qavatli bo‘lishi u yerda shart-sharoit yaxshilanishi, fan kabinetlari tashkil etish, qolaversa, muassasaga ko‘proq o‘quvchilarni qamrab olish imkonini beradi. Bunday imkoniyatdan foydalanmaslik evaziga ko‘plab hududlarda bolalar uch smena asosida o‘qimoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalq ta’limi tizimini tubdan o‘zgartirish, uni zamon talablariga muvofiq takomillashtirish borasida qo‘yilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlab Bosh vazir A.Aripov rahbarligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida maktablar qiyofasini o‘zgartirish, ularning o‘z ichki imkoniyatlaridan foydalanishga yo‘l ochishga oid masalalarga ham e’tibor qaratildi.
Yaratilajak “Namunaviy maktab” loyihasida, avvalo, maktab binolarining o‘quvchilar uchun har tomonlama qulay va foydali bo‘lishiga e’tibor qaratiladi.
Maktablarning har tomonlama rivojlanishi uchun ichki imkoniyatlardan foydalanish ham maqsadga muvofiq. Bu borada poytaxtimizning Sergeli tumanidagi maktablardan biridagi ibratli tajriba tilga olindi. Gap shundaki, maktabda o‘quvchilar bog‘i yaratilgan bo‘lib, unda har bir o‘quvchining o‘z daraxti bor. O‘quvchi o‘z daraxtining o‘sishi uchun jon kuydiradi, unga vaqtida suv quyadi. Bu bola tarbiyasida muhim o‘rin tutib, unda tabiatga mehr uyg‘otishi bilan birga, mas’uliyat hissi oshishiga yordam beradi. Bog‘lardan keladigan foyda esa maktab, o‘quvchilar manfaatiga xizmat qilsa, nur ustiga a’lo nurdir.
Videoselektor yig‘ilishi tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun saytimizni kuzatib boring.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA