musta_illik_deklaratsiyasi_isti_lolimiz_asosi.jpg
 
1990-yil 20-iyun – Mustaqillik deklaratsiyasi e’lon qilingan kun.

Bugun insoniyat boshida qanday o‘y-tashvish hukmron?! G‘oyat jiddiy muammolar: birinchi galda ochlik, qashshoqlik tashvishi, nafs, zo‘ravonlik va dunyoga yakka hukm­ronlik balosi. Biroq, dunyo ahli eng ko‘p boshqa bir holdan xavotirda. Bu – tinchlikka tahdid. Bejizga, uying tinch – o‘zing tinch, deb aytishmagan. Bashariyat tarixi ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yuksalishlar qurshovida ekaniga tasanno aytish mumkin. Lekin bu bizga tinchlikni, osoyishtalikni ta’minlab beradi, degani emas. Aksincha, mavjud harakatdagi tizim faoliyatiga turli yo‘llar bilan raxna solishga urinishlar bo‘lishi shubhasizligini anglatadi. Biz istaymizmi-yo‘qmi ko‘hna olam shunday yaralgan…

Toshkent.jpg
Ma’lumki, 1990-yil 20-iyunda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Oliy Kengashining ikkinchi sessiyasida bir ovozdan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan. Ushbu deklaratsiya mamlakatimizning bugungi kelajagini belgilab berdi. Shonli va mashaqqatli hurlik yo‘lining xavfsizligini ta’minlovchi huquqiy zamin bo‘lib xizmat qildi.

Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan kun… O‘sha kezlarda biz hurlik, ezgulik yo‘lini tanladik. Ajdodlar qalbida yashirin yotgan ozodlik sari qilingan safar oson kechmagani tayin. Ammo unga sobitlik bilan yondashuv ko‘p narsani hal qilgandi, albatta.

eWEIAGdi.jpeg– Hurlik sari ilk tamal toshi – Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan kun sanaladi. Ba’zan bunga e’tibor qaratmaymiz. Aslida hurlik shodiyonalari ayni shu sanadan nishonlanishni boshlashi kerakdek, nazarimda, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi To‘lqin Eshbek. – Biz sobiq tuzum iskanjasidan ozod bo‘lgan ilk mustaqil davlat ekanimizni unutmasligimiz joiz. Mustaqillik deklaratsiyasi – bebaho tarixiy hujjat. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mustaqillik arafasidagi vaziyat va holatlarni chuqur tahlil qilar ekan, quyidagi fikr­larni bildirgan edi: “Respublikada vujudga kelgan bunday o‘ta murakkab va fojiali sharoitda o‘zini yo‘qotmasdan, bosiqlik, chidam va bardosh bilan ish tutish, qat’iy siyosiy irodani namoyon etish, mamlakatni chuqur tanazzuldan olib chiqishga qaratilgan, har tomonlama puxta o‘ylangan strategiyani ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun jamiyatdagi barcha sog‘lom kuchlarni safarbar etish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etgan edi”.

Hayot mo‘ysafid, mangu mezbon. U ba’zan mehribon, goh shafqatsiz murabbiy. Bil’aks, sinovlar kechuvida imtihon qiladi. Har bir amalga oshirilayotgan ish kelajak barometriga aylanadi, qoladi. Mana shunda tarix yoziladi. Ehtimol, buni xolislik, desa bo‘lar.

Тоштемир-Турдиев.jpg
– Ona tuprog‘imiz o‘z-o‘zidan obod bo‘lmagan. Birinchi Prezidentimiz ulug‘ minbarlardan turib, hammani bir yoqadan bosh chiqarib, oldinga talpinishga chorlar edi, – deydi Surxondaryo viloyati Denov tumani ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi rahbari Toshtemir Turdiyev. – Odamlar ishonchini qozonib, ularning qora qozoni qaynab turishini ta’minlashning o‘zi ulkan baxt edi. Hozir ham qiyinchilik damlarni yodga olsam, badanim seskanib ketadi. Boisi, ko‘pchilikning keyingi taqdiri qanday kechar ekan, degan o‘y bilan yashaganman. Og‘ir, sinovli yillar davrida hokimiyat tizimida oddiy xodim bo‘lib ishlash ham kishiga jiddiy mas’uliyat yuklardi. Biroq, menga odamlarning taqdiri bilan bog‘liq mas’uliyatli vazifa ishonib topshirilgan edi-da. “Mana senga to‘kin hayot, mana maqsading sari oydin yo‘l, qani marhamat”, demagan hech kim. Hammasi boshidan boshlangan: el dardiga malham bo‘lish uchun bor imkondan unumli foydalanishga harakat qilingan edi. Bu gaplarni shunchaki aytib bo‘lmaydi. Qahatchilik – naqd jahannam olovini purkardi. Yo‘qchilikning nafasi bosh suqmagan ostona qolmagandi. Shunda xalq jipslashdi, qo‘lni-qo‘lga berib, birgalikda manzil tomon harakat qilindi. Tahlikali kezlarda men Vatanim uchun nima qilishim kerak, degan o‘y barchaning qalbiga muhrlandi. Ayni ushbu pallalarda xalqning matonati yana bir karra ko‘rikdan o‘tdi. Ha, bu gaplar Vatan uchun jonim fido, degan har bir kishi uchun ibratdir.
 
7.jpg
Unutmaslik lozimki, Mustaqillik deklaratsiyasi O‘zbekistondek aholi turmush darajasi nihoyatda past bo‘lgan davlat boshiga ne-ne azobu ko‘rguliklarni solishi muqarrar bir vaziyatda qilingan odilona qaror natijasi edi, albatta. Erkinlikka shunchaki erishilmagani, bu yo‘lda chekilgan hasratlar yuzaki to‘qima yoki afsona emas. Shu hujjat asosida boshqa qonunlarimizga sekin-asta tartib berildi. Bosh qomusimiz qabul qilindi. Huquqiy kafolatlangan jamiyatdagi o‘zgarishlar, yuksalishlar esa nafaqat o‘zimizni, balki dunyo ahlini lol qoldirdi. Yo‘lga chiqqan karvonimiz bilan jahonga bo‘y ko‘rsatdik. Aytish mumkin-ku, bu – mustaqilligimizni g‘oyatda qadrlashga hamda shu el uchun bor g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qilishga chorlaydi. Eng oliy ne’mat ham shu emasmi?!

 

G‘ayrat Shirinov, O‘zA