Ichki ishlar vazirligi tizimida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosarlar lavozimlari joriy etildi

Endi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosarlari hisoblanadi.
Toshkent shahrida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi joriy etish borasidagi Prezidentning 2018 yil 19 iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ushbu jihatlar nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari lavozimlari tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlariga o‘zgartirildi.
Jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosarlar zimmasiga quyidagilar yuklandi:
Jamoat tartibini saqlashning, ayniqsa, sutkaning kechki va tungi vaqtida natijadorligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatni tashkil etish uchun shaxsiy javobgarlik;
Ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘linmalarining samarali va o‘zaro bog‘liq faoliyat yuritishini tashkil etish bo‘yicha vazifalar.

 

O‘zA