Germaniya nashri Ravshan Ermatov va o‘zbek futboli haqida maqola e’lon qildi

“Shtern” jurnalining (Germaniya) internetdagi sahifasida o‘zbekistonlik futbol hakami Ravshan Ermatov haqida maqola chop etildi. Unda O‘zbekiston Milliy terma jamoasi xalqaro futbol maydonida hali katta yutuqlarga erishmagan bo‘lsada mamlakatning 40 yoshli hakami mundialda ushbu yurt nomidan ishtirok etadi, deb yozadi. Yana qo‘shimcha qilib Ravshan Ermatovning uchinchi bor Jahon Chempionatida ishtirok etishi ham ta’kidlab o‘tiladi.
Sanoqli kunlardan so‘ng boshlanadigan Jahon chempionatida garchi O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etmasada o‘zbekistonlik futbol muxlislarining kayfiyati ko‘tarinki. Ular ushbu mundialni katta quvonch bilan qarshi olmoqdalar. Buning sababi, albatta, Ravshan Ermatov, deyiladi maqolada.
Ermatov Jahon Chempionatlarida ilk bor 2010 yil Janubiy Afrika maydonlarida bo‘lib o‘tgan mundialning final bosqichida qatnashdi va ushbu nufuzli turnirda eng ko‘p o‘yinni boshqarib, rekord natijaga erishganiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Ermatov Osiyo Futbol Konfederatsiyasiga bergan intervyusida shunday deydi: “Mazkur turnirda eng yosh hakam bo‘lish va muxlislar roppa-rosa to‘rt yil kutadigan o‘yinni boshqarish, aql bovar qilmas voqelik edi. Go‘yoki tush ko‘rayotgandek edim, o‘zimni chimchilab ko‘rishim lozimdek edi, go‘yo”
JARda o‘z mahorati bilan katta taassurot qoldirgan yosh referi to‘rt yildan so‘ng Braziliyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatini boshqarishga tanlab olinadi. Ravshan Ermatov Osiyoda allaqachon mashhur bo‘lib ulgurgan, u Osiyo Futbol Konfederatsiyasining besh karra eng yaxshi hakami sifatida tan olingan, deya ta’riflaydi “Shtern”.
Ravshan Ermatovnig futbolga kirib kelishi to‘g‘risida nemis jurnali yana shunday yozadi: U taqdir taqozosi bilan referi bo‘lgan. Aslida Ravshan Ermatov futbolchi sifatida o‘z karyerasini qurmoqchi bo‘lgan bo‘lsada, jarohati uni orzusidan voz kechishga majbur etdi. O‘sha paytlarda yoshlar jamoasida murabbiy sifatida ishlagan otasi unga yordam berdi. “Bir kuni o‘yinlarning biriga tayinlangan sudya kelmadi. Shunda otam qo‘limga hushtakni tutib: – Qo‘lingdan kelganicha o‘yinni boshqar, dedi. Bu mening ilk hakamlik uchrashuvim edi.
O‘zbekistonda Ravshan qisqa vaqt ichida shuhrat qozondi. Poytaxtdagi stadionlarda yoki ko‘chalarda futbol ishqibozlari uni ko‘rishlari bilan suratga tushish va dastxat olishga intilishadi. Yaqinda Toshkentning “Milliy” o‘yingohida Ermatov o‘yinni boshqarishi e’lon qilinganda muxlislar gulduros qarsaklar bilan kutib olishdi. Bunday hollar tez-tez uchrab turadi.
Shunisi aniqki, Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ham ushbu yosh yulduz – hakamning har bir o‘yinni boshqarishi u yerda yashaydigan millionlab yurtdoshlarining olqishiga sabab bo‘ladi. Ravshan Ermatov uchinchi marta jahon chempionatida ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, bunga erishish oson bo‘lmadi. Ermatov brigadasining ushbu chempionatga chaqiruv olishi har galgidek mashaqqatli mehnat mahsulidir, deb yozadi nemis jurnali. “Bitta maqsad – Rossiyaga borish uchun har bir mashg‘ulotda ko‘p ter to‘kishimizga to‘g‘ri keldi”, deydi Ermatov.
“Borussiya”ning sobiq murabbiyi P.Shtegerning bir gapi bor: Har bir hakam o‘zining qo‘pol xatosi bilan o‘yin taqdirini hal qiluvchi yulduzga aylanishi uchun emas, balki o‘yinchilarni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi mayoq sifatida maydonga tushishi lozim. Ermatov uchun avvalambor futbol obro‘sini saqlab qolish muhimdir. Agar hakam o‘yinchilarni jarohatlardan himoya qila olsa, o‘yin ruhiyatini ko‘tarinki ruhda ushlasa, albatta, o‘yinchilarning hurmatiga sazovor bo‘ladi.
Uning Rossiyada ishtiroki bu so‘nggisi emas, deb umid qilamiz. 2022 yilda Qatar mezbonlik qiladigan Jahon Chempionatida ham uning nomzodi qo‘yilishidan ajablanmasa bo‘ladi, deya ishonch bildirmoqda nemis nashri.

 

Bahriddin Aslanov tayyorladi. O‘zA