Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tgan “Prezident kubogi” VI xalqaro musobaqasida munosib ishtirok etib, yurtimizga qaytib keldi.
Terma jamoamiz a’zolarini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston boks federatsiyasi rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, sport muxlislari tantanali kutib oldi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori sportchilarimizning xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarga har tomonlama puxta tayyorlanishi va munosib ishtirok etishi, terma jamoalarni yangi iste’dodlar bilan boyitishda muhim omil bo‘layotir.
Dunyoning yigirmaga yaqin davlatidan yuzga yaqin charm qo‘lqop ustalari ishtirok etgan xalqaro musobaqada hamyurtimiz Bektemir Meliqo‘ziyev chorak finalda hindistonlik Devanshu Jaisvalni, yarim final va finalda qozog‘istonlik Bekzat Nurdauletov hamda Bek Nurmagambetlar ustidan zafar quchib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
– Musobaqa ko‘ngildagidek o‘tdiva biz munosib ishtirok etdik, deb o‘ylayman, – deydi B.Meliqo‘ziyev. – Turnirda oltin medalni qo‘lga kiritganimdan xursandman. O‘zbek o‘g‘lonlari hech kimdan kam emas va kam bo‘lmasligini yana bir bor isbotladik.
Finalga qadar barcha janglarda zafar quchgan Shunqor Abdurasulov va Iqboljon Xoldorov kumush medalni qo‘lga kiritdi. Terma jamoamiz a’zolari Shahobiddin Zoirov, Mahmud Gaipov, Aliyor Noraliyev va Isroil Madrimov esa bronza medal bilan taqdirlandi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA