BMT tomonidan Orolni qutqarish bo‘yicha transjamg‘arma tuziladi

Bu haqda Toshkent shahrida o‘tayotgan Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumida ishtirok etayotgan BMT Bosh kotibining inson xavfsizligi bo‘yicha maslahatchisi Yukiyo Takasu ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda bu jarayon boshlangan.
– Bugun Orol dengizini qutqarish va uning havzasida yashovchi xalqlar turmush darajasini yuksaltirish borasida keng miqyosda chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu borada BMTning maxsus dasturlari qabul qilingan. Shunga qaramay, Orol bilan bog‘liq ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yetarli emas. Mazkur forumda Orolni qutqarish borasida yanada samarali choralarni ishlab chiqish masalalarini muhokama qilishga bel bog‘laganimiz shuning vajidan, – dedi Yukiyo Takasu.

 

Malohat Husanova, O’zA