Agroturizm yo‘nalishida turistlarni qabul qiladigan obyektlar ro‘yxati shakllantirilmoqda

                                       Agroturizm Ispaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Fransiya kabi mamlakatlarda yaxshi rivojlangan. Bunda sayyohlar ma’lum muddat qishloqda yashagan holda mahalliy urf-odatlar, yashash tarzi bilan tanishib, an’anaviy qishloq mehnatlarida ishtirok etadi.

Yurtimizda ham turizmning mazkur yo‘nalishini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Boisi o‘ziga xos tabiatga ega so‘lim qishloqlarimiz, u yerdagi sayyohlar e’tiborini tortadigan turmush tarzi, mahalliy urf-odatlar ko‘pchilik uchun qiziq.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida namunali fermer xo‘jaliklarini sayyohlarga xizmat ko‘rsatishga moslashtirish, ularga sayyohlarni jalb qilish hamda xorijliklarning mamlakatimizda bo‘lish muddatlarini uzaytirish maqsadida agroturizmni rivojlantirishga doir vazifalar belgilangan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan xorijiy sayyohlarning yurtimizda bo‘lish muddatlarini uzaytirish, mahalliy sayyohlar uchun yangi dam olish turlarini tashkil etish maqsadida agroturizmni rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

– Mamlakatimiz bo‘ylab agroturizm yo‘nalishida turistlarni qabul qiladigan obyektlar ro‘yxati shakllantirilmoqda, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bosh mutaxassisi Aziz Maxsumov. – Qo‘mitaning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida agroturizm obyektlari to‘g‘risida ma’lumotlar, turoperatorlar tomonidan turizm dasturlari shakllantirildi. Ular muctaqil ravishda tashrif buyuradigan sayyohlarga ham beriladi. Bu orqali sayyohlar ushbu obyektlarga borishi hamda turizmning yangicha yo‘nalishlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Agroturizm yo‘nalishida faoliyat olib borish istagida bo‘lganlar qo‘mitaning @Agroturizm telegram guruhiga a’zo bo‘lishi mumkin. Guruhda sohaga oid yangiliklar, agroturizm obyektlari ro‘yxati, xorij tajribasi, statistik ma’lumotlar, innovatsion g‘oyalar va tashabbuslar haqida ma’lumotlar e’lon qilib boriladi.

Bugungi kunda agroturizmga sayyohlikni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishi sifatida qaralmoqda. Ushbu yo‘nalishda o‘z xizmatlarini taklif etayotgan maskanlardan biri Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumanida joylashgan “Mehrigiyo” sihatgohidir.

Tajribali shifokorlar, fitoterapevtlar va xalq tabobati xodimlarini birlashtirgan ushbu maskanda mijozlarga zamonaviy dori-darmonlar hamda qadimiy sharq tabobati an’analari asosida xizmat ko‘rsatiladi. Maskanga qarashli xo‘jalikda 30 dan ortiq turdagi dorivor o‘tlardan choylar, shifobaxsh yog‘ va ekstraktlar ishlab chiqariladi.

Bu yerda sayyohlar tabiiy yetishtirilayotgan dorivor giyohlar, jumladan, zaytun, rozmarin, guava va boshqa ko‘plab dorivor buta va o‘simliklardan shifobaxsh ichimliklar tayyorlash jarayonini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi va tatib ko‘rishi, o‘ziga ma’qul bo‘lgan dori vositalarini xarid qilishi mumkin.

Bundan tashqari, ushbu maskandagi shinam tamaddixonalar, plantatsiyalar, dam olish xonalari ham sayyohlarga manzur bo‘lmoqda.

Go‘zal Sattorova, O‘zA

  29.05.2018, 15:24  |    416 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!