O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi.
Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ko‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini ta’minlash, shuningdek, hozirgi tez o‘zgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlar samaradorligini ta’minlash hamda ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsad qilingan.
Mazkur universitet ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, respublikada mediata’lim tizimini yaratish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

 

O‘zA