O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi vakillaridan iborat delegatsiya yaqinda Germaniya Federativ Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi.

Safar davomida Germaniyaning qator vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Siyosiy, akademik va jamoatchilik doiralari vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, yurtdoshlarimiz “Delicanto” xalqaro taomlar festivalida ishtirok etdi, 2015-yilda Germaniyada tashkil etilgan “Nihol” vatandoshlar jamiyati a’zolari bilan uchrashib, o‘zaro fikr almashdi.

Jamiyat a’zolari asosan vatanimizdan borgan yoshlar, talabalar, ilmiy izlanishlar qilayotgan yosh olimlar va Germaniyadagi nemis korxonalarida ishlayotgan yigit-qizlardan iborat. “Nihol” vatandoshlar jamiyatining asosiy maqsadi ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni tiklash, tajriba almashish, muloqot qilish orqali hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

O‘zbek yoshlari Germaniyada ilmiy salohiyati kuchli mutaxassislardan hisoblanadi. Ana shunday yoshlardan biri Kamoliddin Berdiyev. U O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Germaniyadagi vakili hisoblanadi.

Kamoliddin 15 yildan beri Germaniyada yashab maktabda nemis tilidan saboq beradi. U 10-16 aprel kunlari Toshkentda o‘tkazilgan “Yosh vatandoshlar” festivalida Germaniyadan delegat sifatida qatnashdi.

– “Nihol” jamiyati tomonidan Germaniyada yashayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqani yo‘lga qo‘yish, ularga o‘zbek tili, milliy madaniyatimiz va urf-odatlarini eslatib turishga qaratilgan ezgu ishlar olib boriladi, – deydi K.Berdiyev. – Ushbu jamiyat Berlin shahrining eng katta kutubxonasidan ijaraga joy olgan. U yerda haftada bir kun o‘zbek tili kurslari tashkil qilinadi. Germaniyada xozirgi kunda 8 ta o‘zbek-nemis jamiyatlari faoliyat olib bormoqda. “Nihol” jamiyati ular bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.

– Germaniyada biznes boshqaruvi bo‘yicha magistraturada o‘qib, hozir nemis konsalting kompaniyasida loyiha menejeri bo‘lib ishlayman, – deydi yana bir hamyurtimiz Jalol Xo‘jayev. – Uch yildan beri oilam bilan shu yerda yashaymiz. “Nihol” jamiyati bilan tanishishda elchixonamiz xodimlari bevosita yordam qilishdi. Hozir katta loyiha ustida ish olib borayapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yilni O‘zbekistonda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilganini eshitib juda sevindim. Bu bizning sohamizga yanada e’tibor kuchayishidan dalolat. Xorij tajribasini o‘rganib, turli sohalardagi ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirishni maqsad qilgan yoshlar uchun imkoniyat eshiklari keng ochildi. Germaniyaga O‘zbekistondan juda ko‘p yoshlar kelib o‘qib, ilm olishyapti, ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Ularda yangi g‘oya va tashabbuslar bisyor. Joriy yilda vatandoshlar ishtirokida katta konferensiya tashkil etishni rejalashtirganmiz. Konferensiyada Yevropa davlatlarida faoliyat olib borayotgan yuzdan ortiq o‘zbek yoshlari ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda. Unda tibbiyot sohasi bo‘yicha o‘z loyiham bilan ishtirok etaman. Menga o‘xshab ilm ustida ishlayotgan yosh o‘zbeklar ko‘p. Ular o‘zlarining ezgu g‘oya va tashabbuslarini O‘zbekistonga borib amalga oshirish niyatida.

Uchrashuvda Germaniyada yashayotgan o‘zbekistonlik yoshlar o‘zlarining kelgusidagi rejalari, fikr-o‘ylari haqida batafsil so‘zlab berdi.

G‘ayrat Shukurov,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Millatlararo munosabatlar va
xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik
aloqalari qo‘mitasi matbuot kotibi.

 

O‘zA