Nega svetoforning ko‘zlari uch xil rangda?

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega svetoforning ko‘zlari uch xil?! To‘xtash belgisi nega boshqa rangda emas, aynan qizil rangda? Harakatlanish belgisi esa nega aynan yashil rangda?
Gap shundaki, ilk belgilar mashinalar uchun emas, balki poyezdlar uchun yaratilgan. Qizil rang dunyo madaniyatida ko‘pincha xavf-xatarni bildirgan va bu bejiz emas. Uning ko‘z ilg‘aydigan spektrida eng yuqori to‘lqin davomiyligi mavjud, shuning uchun ham uzoq masofadan boshqa ranglarga nisbatan yaqqol ko‘rinadi. Qizil rang “To‘xta” ma’nosini mashinalar paydo bo‘lishidan ancha oldin ham bildirgan: ilgari zamonda oldindagi yo‘lning ochiq yoki berkligini bildiruvchi shu rangdagi yo‘l ko‘rsatkichlardan foydalanilgan.
Yashil rang temir yo‘l harakatida ogohlantiruvchi ma’noga ega bo‘lgan hamda “Diqqat!” ogohlantirish belgisi hisoblangan. Oq rang temir yo‘l harakatida yo‘l ochiqligi va harakatlanish mumkinligini anglatgan. Vaqt o‘tishi bilan yashil rang belgisining “vazifasi” sezilarli ravishda o‘zgargan. Ko‘rish spektrida yashil rangda ham qizil va sariq ranglar kabi eng yuqori to‘lqin davomiyligi mavjud bo‘lib, uzoq masofadan yaqqol ko‘rinadi. Shuning uchun ham yo‘l ochiqligi va harakatlanish mumkinligini anglatuvchi oq rang yashil rangga o‘zgartirilgan. Oq rang bir qancha halokatlarga sabab bo‘lgan. Masalan, qorong‘uda oq rangdagi belgi osmondagi yulduzlar bilan uyg‘unlashib ketgan va haydovchi yo‘lda harakatlanayotganda taxmin qilishiga to‘g‘ri kelgan.
O‘z o‘rnini oq rang bilan almashgan yashil rang o‘rniga sariq rang tanlangan. Sariq rang ko‘proq hushyorlikka chaqiradi. U ham qizil va yashil singari ko‘zga tashlanuvchi rangdir.

 

Umida Qurbonova