O‘zbek va turkman xalqlari azaldan yonma-yon, ahil va totuv yashab, do‘stlikni ulug‘lab kelmoqda. Bu esa xalqlari bir daryodan suv ichgan, tarixiy ildizlari tutashib ketgan bugungi ikki mamlakat – O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.

O‘tgan yil 6-7 mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan ushbu mamlakatda davlat tashrifi bilan bo‘lgan edi. Tashrif asnosida savdo, iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator hujjatlar imzolangan edi.

Shu asosdagi amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, Xorazm viloyati delegatsiyasi Turkmanistonning Toshhovuz viloyatida bo‘ldi. Toshhovuz viloyati vakillarining Xorazmga tashrifi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari yanada mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.

Xorazm viloyatida ham keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotgani samarasida shaharu qishloqlar kundan-kun chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etayotir. Jumladan, Urganch tumanidagi Turkmanlik mahallasini bir-ikki yil ilgari ko‘rgan odam bugun tanimaydi. Zamonaviy inshootlaru turfa gulu gulzorlar, xiyobonlar mahalla husniga-husn qo‘shib turibdi.

Urganch tumanidagi 29-umumta’lim maktabida yoshlarga turkman tilida saboq beriladi. Maktab fanlar bo‘yicha o‘quv vositalari bilan to‘la jihozlangan. Ushbu dargohdagi kutubxonada turkman tilidagi adabiyotlar ham mavjud. O‘quvchilar a’lo baholarga o‘qish bilan birga, jamoat ishlarida ham faol ishtirok etayotir.

Viloyatda o‘tkazilayotgan Navro‘z, Mustaqillik bayramlari, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlarda turkman tilida kuy-qo‘shiqlar ijro etilmoqda, raqslar dillarni xushnud qilayotir.

Urganch tumanidagi “Ulli hovli” yodgorlik-majmuasida tashkil etilgan “O‘zbekiston va Turkmaniston – istiqlol yillarida” nomli ko‘rgazmada xalqlarimiz mustaqillik yillarida erishgan muvaffaqiyatlari o‘z aksini topgan. Bu yerda “ustoz-shogird” an’anasi asosida to‘quvchilik, tikuvchilik, naqqoshlik, zargarlik, kashtado‘zlik kabi o‘ndan ortiq to‘garaklar faoliyat ko‘rsatmoqda. Yodgorlik-majmuasiga qo‘yilgan rang-barang eksponatlar, xalqlarimizning bebaho merosi, madaniyati, nodir hunarmandligi namunalari sayyohlarda katta taassurot qoldirmoqda.

Muxtasar aytganda, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi bugungi hamkorlik munosabatlari xalqlarimizga xos azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalarining tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat sifatida barchamizni mamnun etadi.

Davlatnazar Rajabov,
Xorazm viloyati
o‘zbek-turkman do‘stlik jamiyati raisi.