Mo‘jizalar davri

Mo‘jizalar davri guruhi tashabbusi bilan, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi ko‘magida Lotte City Hotel Tashkent Palace mehmonxonasida imkoniyati cheklangan bolalarning ustozlari va tarbiyachilari yordamida tayyorlagan ijodiy ishlari 18-xayriya ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda imkoniyati cheklangan bolalarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan kompleks dasturlarni amalga oshirayotgan jamoat tashkilotlari, bolalar uylari, maxsus maktab-internatlar jami 25 ta tashkilot ishtirok etdi. 
Biznes, hayriya tashkilotlari vakillari, hamshaharlar va shahrimiz mehmonlari e’tiborini nogiron bolalar muammosiga jalb etish, bolalarning ijodiy tashabbuslarini amalga oshirish imkoniyatlarini izlash, ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda bir qator homiy tashkilotlar yordam berdi.
photo5393210749238749281.jpg
– Barchamizga ma’lumki yurtimizda imkoniyati cheklangan bolalarga alohida e’tibor qaratiladi, bugungi tadbir ham mana shu e’tiborning bir namunasidir. Kun bo‘yi davom etgan ko‘rgazmada Toshkent shahri va viloyatidan kelgan jami 450 nafar imkoniyati cheklangan bolalar va 150 nafar ko‘ngilli yoshlar jamoasi ishtirok etmoqda. Hayriya ko‘rgazmasida 1500 dan ortiq ishlar, rasmlar, tabriknomalar, yumshoq o‘yinchoqlar, zardo‘zlik buyumlari, batik, munchoqli buyumlar, applikatsiya, kashtado‘zlik buyumlari va boshqa yo‘nalishdagi ishlar taqdim etildi. Hayriya ko‘rgazmasidan yig‘ilgan barcha mablag‘lar ishtirokchi-tashkilotlarga bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni olib borish uchun beriladi – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi xodimi Bunyod G‘afurov.
Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan mehmonlar dunyoni shu bolalar nigohi bilan idrok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ma’qul bo‘lgan buyumni harid qilar ekansiz, ularda bolalar olamigagina xos bo‘lgan olamni faqat pok nigohlarda aks ettirish, dunyoga bo‘lgan cheksiz muhabbat izlari borligiga amin bo‘lasiz.
Ko’rgazma davomida bolalar uchun estrada xonandalari chiqishlari, shuningdek bolalarning o‘zlari ishtirokidagi qiziqarli shou-dasturlar taqdim etildi.

 

Inobat Ahatova, O‘zA