Mamlakatimiz jahonning ko‘plab davlatlari bilan madaniy aloqalarini tobora kengaytirib bormoqda. Jumladan, bir qator xorijiy davlatlarda yuqori saviyada o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekiston madaniyati kunlari dunyo hamjamiyatining o‘zbek madaniyati va san’atiga, yurtimizga, qadimiy an’analarimiz va ibratli qadriyatlarimizga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Vetnam poytaxti – Xanoy shahrida joylashgan Katta opera teatrida O‘zbekiston madaniyat kunlariga bag‘ishlangan tantanali gala-konsert bo‘lib o‘tdi.
Teatr foyyesida yurtimiz madaniyati, milliy an’ana, urf-odatlarini aks ettiruvchi fotoko‘rgazma hamda amaliy san’at, hunarmandchilik mahsulotlari namoyishi tashkil etildi.
Konsertda O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Yahyobek va Muhsinbek Mo‘minovlar, el suygan xonanda va sozandalar, raqqosalarning ijro mahoratlari vetnam ahlida katta taasssurot qoldirgani ularning gulduros olqishlaridan ma’lum bo‘ldi.
Bu kabi madaniy tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA