BI-BI-SIda (BBS) Orol haqida film

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijodiy safarda bo‘lgan Buyuk Britaniyaning Bi-Bi-Si teleradio korporatsiyasining jahon xizmati ijodiy jamoasi Orol muammosi xaqida qisqa metrajli filmni suratga olish ishlarini yakunladi.

Jurnalist va prodyuser Rustam Qobil, video prodyuser Pol Harris to‘rt kun davomida Mo‘ynoq tumanida, Orol dengizi qirg‘oqlarida bo‘lib, ekologik inqirozning oldini olish, xalqning turmush darajasini yaxshilash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni suratga oldi. Shuningdek, o‘rmon xo‘jaligi tomonidan Orol dengizining qurigan maydonlarida saksovul, qandim, cherkez kabi tuzga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni urug‘dan hamda ko‘chatdan ekish ishlarini kuzatdi.

Prezidentimizning 2017 yil 28 fevraldagi “2017-2018 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida amalga oshirilgan loyihalar, aholi sog‘ligini saqlash va bandligini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni suratga olib, tuman aholisi bilan suhbatlashdi.

2.jpg

– O‘zining ko‘rsatuvlari bilan eshittirishlarini dunyoning 40 dan ortiq tillarida olib boradigan Bi-Bi-Si teleradio korporatsiyasi global iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qator qisqa metrajli filmlarni suratga olish ishlarini boshladi, – deydi jurnalist-prodyuser Rustam Qobil. – Buning uchun ushbu muammolarni bartaraf etishda so‘nggi yillarda yaxshi natijalarga erishayotgan dunyoning 10 davlati, shular qatorida O‘zbekiston ham tanlab olindi. Filmni suratga olishdan maqsadimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Orol inqirozining oqibatlarini bartaraf etish, ekologik hududda yashayotgan aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni dunyo jamoatchiligining e’tiboriga havola etish bo‘lib hisoblanadi.

– O‘zbekistonda, shu jumladan, Qoraqalpog‘istonda birinchi marotaba bo‘lishim, – deydi videoprodyuser Pol Xarris. – Suratga olish jarayonining sovuq kunlarga to‘g‘ri kelishi biroz muammolar paydo qildi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, xalqingizning mehmondo‘stligi, madaniyati bilan milliy urf-odatlari menda alohida taassurot qoldirdi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jahon hamjamiyatining qiziqishini oshirmoqda. Kelajakda ushbu muvaffaqiyatlar haqida film olishni maqsad qilganmiz. Vaqtning tig‘izligidan Qoraqalpog‘iston, uning poytaxti Nukus shahridagi qurilish va oyuodonlashtirish ishlari bilan to‘liq tanishish imkoni bo‘lmadi. Lekin, dunyoga mashhur I.V.Savitskiy nomidagi san’at muzeyi eksponatlarini tomosha qilganimdan xursandman.

Bi-Bi-Si teleradio korporatsiyasining jahon xizmati ijodiy jamoasi tomonidan suratga olingan ushbu film yaqin kunlarda namoyish etiladi.

 

A.Nasirlayev, O‘zA