Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida bir nechta fuqarolarning qurol-yarog‘larni noqonuniy saqlanayotganligi aniqlandi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.

Jumladan, Nukus tumanida fuqaro Q.D ning xonadoni uning roziligi bilan xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi va hovlisining orqa tomonida joylashgan molxonasi yonidagi qamishlar orasiga 2 dona ov miltig‘i, 23 dona gilza, 34 dona kapsyullarni nokonuniy ravishda saqlanayotganligi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaroda qurollarni saqlash bo‘yicha hech qanday hujjat bo‘lmagan.

Shuningdek, Qo‘ng‘irot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, A.A ning xonadonidan kalibri 16 mm bo‘lgan 1 dona bir stvolli ov miltig‘i va 3 dona gilzalarni noqonuniy ravishda yashirgan holda saqlab quyganligi aniklandi. Kegeyli tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.T ning xonadoni ham amaldagi tartiblarga muvofiq ko‘zdan kechirilganda, bu yerda 1 dona ikki stvolli ov miltig‘i hech qanday hujjatlarsiz saqlayotganligi fosh bo‘ldi.

Qoraqalpog‘iston temir yo‘l stansiyasida «Volgograd – Toshkent» yo‘lovchi poyezdi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida respublikamiz fuqarosi B.P yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 9 kg. ov miltig‘ining droblarini noqonuniy ravishda Rossiya Federatsiyasidan mamlakatimizga olib kelayotganligi aniklandi.

Mazkur holatlar yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo choralari qo‘llanildi.

Raqamlarga murojaat qilsak, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 2017-yil davomida 6 ta o‘q otar qurol, 15 dona o‘q, 103 dona gilza, 10 kg drob, 2124 dona kapsula, 26 gr. porox, 496 dona pnevmatik patronlar, 912 dona pnevmatik o‘qlar kapsulasi, 1 dona gazbalonli to‘pponcha, 13 dona elektroshokerlar daliliy ashyo tariqasida olib qo‘yildi.

 

O‘zA