Sodiq Imomiy: “Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan siyosat tufayli mintaqamizda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda”

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik izchil rivojlanmoqda, barcha darajada, jumladan, chegaraoldi hududlar hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida muloqot faollashgani kuzatilmoqda. O‘zaro anglashuv va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, umumiy tarix, ma’naviy va madaniy qadriyatlarga asoslangan yaxshi qo‘shnilik aloqalari mustahkamlanmoqda.
Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq IMOMIY shular haqida so‘zladi.
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli so‘nggi yillarda nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqamizda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatida qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Natijada mintaqamizga yangi hayot shabbodasi kirib keldi va hukmronlik qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni mamlakatlar bilan chegara masalalarini hal etayotgani e’tirofga loyiq. O‘zbekiston rahbari eng avvalo qo‘shni mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. Bu maqsadlar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Ushbu hujjatda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnilik muhitini mustahkamlash, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish kabi masalalar ustuvor yo‘nalishlar etib belgilandi.
O‘tgan qisqa vaqtda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish maqsadida tarixiy qadamlar tashlandi. Bunda O‘zbekistonning qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirayotgani, Afg‘onistonga alohida e’tibor qaratayotgani asosiy omil bo‘lmoqda. O‘zbekistonda bugungi kunda kechayotgan shiddatli o‘zgarishlar xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilmoqda.
O‘tgan qisqa vaqt davomida O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarida ham chuqur o‘zgarishlar yuz berdi. Ikki tomonlama hamkorlik barcha kompleks masalalarni yaxshilash nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilmoqda. Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aviaqatnovlar tiklandi, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning majlislari o‘tkazildi, davlatlararo chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha hukumatlararo delegatsiyalar ishchi guruhlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, turli sohalarda, xususan, madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma tadbirlar ham jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.
Shu kunlarda mamlakatlarimiz juda katta siyosiy voqea arafasida turibdi. Men buni tarixiy voqea deb atagan bo‘lardim. Yaqin kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi amalga oshiriladi. Ikki tomon qizg‘in tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda. Tojikistonda tashrifga oid tashkiliy masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu masala shaxsan Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon nazoratiga olingan.
Davlat tashrifi davomida o‘nlab muhim hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan. Shu sababli ham tayyorgarlik ishlarining qamrovi juda kengligini ta’kidlashni istardim.
Bir narsani ochiq aytaman, O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi ikki xalq o‘rtasidagi qadim-qadimdan davom etib kelayotgan do‘stlik munosabatlarida yangi sahifa ochadi. O‘zbek bilan tojik ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq. Bizni o‘zaro ajratuvchi jihatlar yo‘q, xalqlarimizni bir-biridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Ularning tafakkuri, turmush tarzi, e’tiqodi va qarashlari ham mushtarak.
Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatdan yangi pog‘onaga olib chiqadi, albatta. Imzolanadigan hujjatlar xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlash, o‘zaro bordi-keldini kengaytirish imkoniyatlarini yaratadi. Viza rejimini soddalashtirishga intilishlar ham shundan dalolat bermoqda.
Ikki mamlakat fuqarolarining bemalol bordi-keldisini yo‘lga qo‘yish maqsadida yangi transport yo‘nalishlarini ochish ham rejalashtirilmoqda. Mavjud kommunikatsiya imkoniyatlaridan emin-erkin foydalanish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishlar amalga oshiriladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi so‘nggi bir yilda 80 foiz oshdi. Bu o‘tgan yillarga solishtirganda juda katta yutuqdir. Yaqin ikki yil mobaynida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmini 500 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. O‘ylaymanki, bu chegara emas.
O‘zbekiston ham, Tojikiston ham iqtisodiy sohada katta yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. O‘zbekistonda elchilik faoliyatimni boshlaganimdan keyingi davrda mamlakatingiz erishayotgan katta-katta yutuqlarga guvoh bo‘ldim. Iqtisodiyotdagi muvaffaqiyatlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqdaman. O‘zbekiston mahsulotlari jahon bozorini zabt etmoqda. Tojikistonda ham shunday imkoniyatlar bor. Ishonch bilan ayta olamanki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi yaqin kelajakda yuqori ko‘rsatkichlarga erishadi.
O‘tgan yili Toshkentda Tojikiston madaniyati kunlari, Dushanbeda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi. Hech bir mubolag‘asiz aytish kerakki, bu tadbirlar xalqlarimizning do‘stlik bayramiga aylanib ketdi. Anjumanlarda ikki xalq bir-birining milliy musiqa san’atini yuksak qadrlashi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Shaxsan o‘zim Toshkentdagi Tojikiston madaniyati kunlarida xalqlarimiz bir-birini juda ham sog‘inganiga bevosita guvoh bo‘ldim.
Biz, diplomatlar, davlat idoralari rahbarlarining zimmasidagi eng muhim vazifa – xalqlarimizning bir-biriga quchoq ochib borishiga, yanada yaqin muloqot qilishiga hissa qo‘shishdan iborat.
Biz o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga asrlar osha meros bo‘lib kelayotgan o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik g‘oyalarini singdirishimiz kerak. Bu masalada OAVning roli juda katta. Shu sababli barcha matbuot xodimlariga murojaat qilib, xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, yaxshi qo‘shnilikka alohida e’tibor qaratishini so‘rardim.
Tojikiston ommaviy axborot vositalarida do‘st O‘zbekistonda yuz berayotgan olamshumul voqealarga katta e’tibor qaratilmoqda. Ular do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik ruhida yoritilmoqda. Misol sifatida aytadigan bo‘lsam, yaqinda 23 yoshgacha bo‘lgan o‘zbekistonlik futbolchilar Osiyo chempionatida g‘alaba qozondi. Tojikistondagi ikkita telekanal bu musobaqani to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatdi. Tojik xalqi O‘zbekistonning, o‘zbek xalqining shodligini birgalikda baham ko‘rdi. Tojikiston markaziy telekanallarida Dushanbedagi O‘zbekiston madaniyati kunlari va Toshkentda o‘tkazilgan Tojikiston madaniyati kunlari tadbirlari tez-tez namoyish etilib turibdi.
Sharofiddin To‘laganov 
yozib oldi.

 

O‘zA