Mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari tinch-totuv yashamoqda. Ularning o‘z madaniyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylashi va rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu ijtimoiy kelib chiqishi, dini, millatidan qat’i nazar, barchamizni shu Vatan farzandi sifatida yagona maqsadlar atrofida birlashib, yurt ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilishga undamoqda.
Shu kunlarda rus xalqining milliy bayrami – “Широкая Масленица” mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda Rus milliy madaniy markazi tomonidan tashkil etilgan bayram tantanalari ham tabiat bilan inson o‘rtasidagi azaliy bog‘liqlikni tarannum etuvchi dastur va qiziqarli tomoshalarga boy bo‘ldi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Rus milliy madaniy markazi, Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari bayram ishtirokchilarini qutlar ekan, mamlakatimizda turli millat vakillarining milliy marosimlarini hamjihatlikda nishonlash o‘ziga xos an’ana tusini olganini ta’kidladi.
Bayramda “Широкая Масленица” tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq urf-odat va an’analarning mazmun-mohiyati, ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Rus milliy kuy-qo‘shiqlari, yosh iste’dod egalarining badiiy chiqishlari saylga o‘zgacha tarovat bag‘ishladi.
– Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyatini rivojlantirishi uchun barcha imkoniyat va sharoitlar mavjud, – deydi Toshkent shahrida yashovchi Nina Tirigova. – Diyorimizda qaror topgan hamjihatlik sabab biz ham milliy bayramlarimizni nishonlash, sayllarda qatnashish, ko‘rik-tanlovlar tashkil etish imkoniga egamiz. Navro‘zda bo‘lganidek, “Maslenitsa”, “Sabanto‘y” kabi bayramlar ham turli millatga mansub yurtdoshlarimiz ishtirokida nishonlanmoqda. Bu odamlarni yanada mehr-oqibatli bo‘lishga undaydi, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirda san’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

 

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA