YuNESKO Bosh Konferensiyasi 2011-yil noyabr oyida har yili 13-fevralni Jahon radio kuni sifatida nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu sananing belgilanishi bejiz emas. 1946-yil 13-fevral kuni “BMT radiosi” ilk bor havo to‘lqinlariga uzatilgan edi.

Tashkil etilganiga 60 yildan oshgan YuNESKO shu davr mobaynida radioaloqani, ayniqsa, mahalliy radioeshittirishlarni rivojlantirishga katta e’tibor berib keladi. YuNESKO Jahon radio kunini ta’sis qilar ekan, radiojurnalistlarning xalqaro hamkorligi zarur ekaniga, axborot tarqatishning mazkur vositasi orqali erkin axborot olish imkoniyatlariga alohida ahamiyat qaratmoqda. “Jahon radio kuni – radioning alohida roliga urg‘u berish, zamonaviy fan va texnika yutuqlaridan foydalangan holda radiotinglovchilar auditoriyasini kengaytirishdan iboratdir”, deyiladi YuNESKO tarqatgan bayonotda. BMTning mazkur nufuzli tashkiloti ta’lim sohasida ham radioning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlaydi.

Bugungi kunda sayyoramizda radio kirib bormagan xonadonning o‘zi yo‘q. Keng qamrovli ommaviy axborot vositasi bo‘lmish radio Yer shari aholisining 95 foizini qamrab olish imkoniyatlariga ega. Xalqaro elektraloqasi uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda jahon mamlakatlaridagi oilalarning 75 foizida kamida bitta radio bor. Internet tarmog‘i va mobil qurilmalar kundan-kun zamonaviylashib borayotgani tufayli ham radioning qamrovi kengaymoqda, undan yanada samaraliroq foydalanish imkoniyatlari ortmoqda.

Bundan 100 yil avval amerikalik shoira Jozefina Preston Pibodi radioning imkoniyatlari xaqida yozar ekan, uni mo‘jiza deb atagan va “fikrlarning havo bo‘shlig‘i orqali tarqalishi” deb ta’riflagan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tgandan so‘ng, XXI asrda yangidan-yangi texnologiyalar hayotimizga kirib kelayotgan bo‘lishiga qaramay, radio hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi. Chunki radio eshitish uchun internetdan foydalanish kabi bilimning keragi yo‘q. Radioni yoshu qari, olimu oddiy odam – hamma birdek tinglashi mumkin.

Radioni jihozini istalgan joyda – uzoq tog‘li mintaqalardan tortib, elektr yetib bormagan hududlarda ham ishlatish mumkin. Bunday imkoniyat hozircha boshqa elektron jihozlarda yo‘q. Axborot va musiqa borasida radio – haydovchilarning birdan-bir ermagi. Masofa bilmaydigan va qog‘ozsiz gazeta bo‘lmish radioning roli favqulodda vaziyat va tabiiy ofatlar yetkazgan talafotlarni bartaraf etishda ham beqiyos.

Muhim elektron aloqa vositasi bo‘lmish radio bugungi kunda nafaqat axborot tarqatish, balki ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngil ochish, omma fikrini shakllantirish kabi vazifalarni bajarib kelmoqda.

O‘zbekistonda ilk bor radionuqtalarini o‘rnatish va eshittirishlar tayyorlash 1927-yildan boshlangan. Ayni damda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tizimida to‘rtta, Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlarda radiokanallar faoliyat yuritmoqda. Xususiy radiokanallarni qo‘shib hisoblaganda mamlakatimizda 40 dan ortiq radiokanal tinglovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.

 
Sharofiddin To‘laganov.

 

O‘zA