Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq va boshqa sohalarda boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, yuqori malakali boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi faoliyati isloh qilindi, shuningdek, Akademiya huzurida mamlakatimizning istiqbolli yosh mutaxassislarini qayta tayyorlaydigan va malakasini oshiradigan Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatimizda davlat hokimiyatini yanada demokratlashtirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuqori malakali boshqaruv kadrlarini tanlab olish va tayyorlash, ularning zaxirasini shakllantirish tizimini, jumladan, bu borada zamonaviy yondashuvni ishlab chiqish orqali takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini ta’minlash, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – davlat tashkilotlari) tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining 3 yilda bir marta istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovini (keyingi o‘rinlarda – tanlov) o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Quyidagilar:

Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki:

tanlovda tayanch oliy ma’lumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yil ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan (45 yosh ham qo‘shilgan holda) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin;

Respublika komissiyasi tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarga vazirlik va idoralar, boshqa davlat tashkilotlari vakillarini, shuningdek, yetakchi olim va mutaxassislarni, jumladan, xorijiy olim va mutaxassislarni jalb etish huquqiga ega;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Akademiya) Respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi;

tanlovning xolisona va shaffof o‘tkazilishi, shuningdek, nomzodlarning sifatli va xolisona tanlab olinishi, qo‘yiladigan talablarga ularning muvofiqligi uchun javobgarlik Respublika komissiyasi zimmasiga yuklanadi.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

davlat tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishtirokchilarning tanlovda ishtirok etish davrida ularning egallab turgan lavozimi va o‘rtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi;

tanlov g‘oliblariga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichining qolgan ishtirokchilariga esa – eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi. Bunda tanlov final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli sohaning boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi;

tanlov g‘oliblari Akademiya hamda Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi bazasida tegishli sohaga oid vazirliklar, idoralar, yirik kompaniyalar rahbarlari, mahalliy va xorijiy yuqori malakali mutaxassislar hamda olimlar ishtirokida o‘tkaziladigan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tanlovning tegishli nominatsiyalari yuzasidan stajirovka o‘tashni o‘z ichiga oladigan “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi”ga muvofiq uch oylik kurslarda o‘qiydilar;

tanlov g‘oliblari “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi”ga muvofiq uch oylik kurslarni o‘tagandan keyin tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi;

tanlov g‘oliblarini tegishli rahbarlik lavozimlariga tayinlash yuzasidan chora-tadbirlarni ko‘rish, shuningdek, boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritilgan final bosqichi ishtirokchilarining faoliyatini keyinchalik ularni xizmat bo‘yicha ko‘tarish yoki rahbarlik lavozimlariga tayinlash uchun monitoring qilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining umumiy muvofiqlashtiruvi ostida amalga oshiriladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Akademiya bilan birgalikda ikki oy muddatda:

talabgorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ishtirokchilarning so‘rovnomalarini ko‘rib chiqish, test va boshqa tanlov sinovlarini o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalarini taqdim etish imkoniyatlariga ega bo‘lgan tanlovning maxsus veb-portalini yaratishni;

axborot tizimlari, resurslari, ma’lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, shuningdek, Respublika komissiyasi ishchi organini tanlovni tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur apparat-dasturiy komplekslar bilan jihozlashni ta’minlasin.

6. Quyidagilar tanlovni o‘tkazishning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

tanlov o‘tkazishni tashkil etish qismida – Akademiyaga xarajatlar smetasi bo‘yicha ajratiladigan byudjet mablag‘lari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag‘lari, xalqaro moliya institutlarining grantlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

tanlov g‘oliblari uchun “Boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha Prezident dasturi”ga muvofiq uch oylik o‘quv kurslarini o‘tkazish qismida – Akademiyaga xarajatlar smetasi bo‘yicha ajratiladigan byudjet mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasidan Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markaziga ajratiladigan mablag‘lar;

tanlov g‘oliblari va final bosqichi ishtirokchilariga bir martalik pul mukofotini to‘lash qismida – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

tanlov g‘oliblarining rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida tegishli nominatsiyalar bo‘yicha stajirovka o‘tashi qismida – Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari, xalqaro moliya institutlarining grantlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

tanlovning maxsus veb-portalini yaratish, axborot tizimlari, resurslari, ma’lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, shuningdek, Respublika komissiyasi ishchi organini tanlovni tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur apparat-dasturiy komplekslar bilan jihozlash qismida – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

7. Innovatsion rivojlanish vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Akademiya bilan birgalikda tanlovni o‘tkazish doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining grantlari hamda yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rsin.

8. “Taraqqiyot strategiyasi” markaziga:

tanlov o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik monitoringini amalga oshirish va uni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishni;

tanlov yakunlariga bag‘ishlangan axborot-tahliliy sharhlarning davlat, rus va ingliz tillarida tayyorlanishi va e’lon qilinishini, shuningdek, keng tarqatilishini ta’minlash tavsiya etilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Akademiya va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda tanlovni o‘tkazish yakunlari yuzasidan tanlov doirasida istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish tizimini takomillashtirish, jumladan, talabgorlarga qo‘yiladigan zamonaviy talablarni joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga taklif kiritsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Adliya vazirligi, Akademiya va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Davlat tashkilotlarida bo‘sh lavozimlarni to‘ldirish uchun boshqaruv kadrlari zaxirasini tanlovning final bosqichi ishtirokchilari orasidan shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni, shuningdek, uning natijalarini keng yoritish, jumladan, mavzuga oid maqolalar, turkum teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tashkil etish tavsiya qilinsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori R.S.Kasimov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                              Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 30-may