Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Oʻtgan davr mobaynida arxiv ishi va ish yuritish sohasida zarur infratuzilma yaratildi, arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishda ijobiy natijalarga erishildi hamda muayyan intellektual va texnologik salohiyat shakllantirildi, Milliy arxiv fondi Oʻzbekiston xalqining moddiy va maʼnaviy hayotini aks ettirgan, tarixiy, ilmiy va madaniy ahamiyatga ega boʻlgan arxiv hujjatlar bilan boyitildi.

Shu bilan birga, tahlil va oʻrganish natijalari arxiv ishi va ish yuritish sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy qilish, davlat arxivlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini qoʻllash zarurati mavjudligidan dalolat bermoqda.

Oʻzbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat boshqaruvi va nazoratini takomillashtirish, qogʻoz shaklidagi, kino, foto va fono hujjatlarini raqamlashtirishni yanada jadallashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi negizida Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) tashkil etilsin.

2. Belgilansinki, 2020-yil 1-yanvardan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar faoliyatida shakllanadigan boshqaruv (ish yuritish)ga oid, ilmiy-texnikaviy va boshqa hujjatlarning arxiv saqloviga topshirilishida hamda oʻrnatilgan tartibda yoʻq qilinishida ularning elektron va Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi hujjatlarining sugʻurta nusxalari talab etiladi.

3. Agentlik:

a) 2020-yil 1-iyungacha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917-yilgacha) arxiv hujjatlarini oʻrnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish boʻyicha choralarni koʻrsin;

b) 2020-yil 1-iyungacha Adliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda quyidagi davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatilishini joriy qilsin:

oʻqiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv maʼlumotnomasini berish;

ish stajini tasdiqlash haqidagi arxiv maʼlumotnomasini berish;

ish haqini tasdiqlash haqidagi arxiv maʼlumotnomasini berish;

arab alifbosida yaratilgan turkiy, forsiy va arabcha hujjatlardagi axborotlar boʻyicha annotatsiya maʼlumotlarini tayyorlab berish;

arxiv hujjatlari, kitoblar va qoʻlyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish);

v) uch oy muddatda:

doimiy saqlovga olinadigan hujjatlar tarkibini optimizatsiya qilish;

Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismini doimiy saqlash huquqi berilgan vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlar roʻyxatini qisqartirish;

arxiv ishi jarayonlarini toʻliq qamrab oluvchi va interaktiv qidiruv imkoniyatlari mavjud boʻlgan “Arxiv ishi” yagona axborot tizimi yaratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

g) 2021-yil 1-yanvargacha davlat arxivlarida saqlanayotgan fondlarni xatlovdan oʻtkazib, ular haqida tegishli maʼlumotlarni qamrab olgan maʼlumotlar bazasini yaratsin.

Belgilansinki, mazkur bandda koʻrsatilgan arxiv maʼlumotnomalarini berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.

4. Agentlikning 2020-yil 1-yanvardan boshlab arxiv ishi sohasidagi davlat xizmatlarini koʻrsatish muddatlarini ilovaga muvofiq qisqartirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

Agentlik arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradigan vakolatli davlat organi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Agentlik direktori Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

Agentlik direktori oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Agentlik direktori va uning oʻrinbosarlari mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha tegishli ravishda vazirning birinchi oʻrinbosari va vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi;

Agentlikning hududiy arxiv ishi boshqarmalari boshliqlarini lavozimga tayinlash Agentlik direktori tomonidan tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

6. Quyidagilar tuzilsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi negizida Oʻzbekiston Milliy arxivi;

Oʻzbekiston Respublikasi Kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivi negizida Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi;

Oʻzbekiston Respublikasi Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivi negizida Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi;

Toshkent shahar davlat arxivi negizida Toshkent shahar markaziy davlat arxivi;

Agentlik huzurida muassasa shaklida Arxiv ishi va ish yuritish boʻyicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi;

Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Arxiv ishini rivojlantirish jamgʻarmasi.

Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Milliy arxivi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivining, Oʻzbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi Oʻzbekiston Respublikasi Kinofotofono hujjatlari markaziy davlat arxivining, Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi Oʻzbekiston Respublikasi Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivining, Toshkent shahar markaziy davlat arxivi Toshkent shahar davlat arxivining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

7. Quyidagilar arxiv ishi va ish yuritish sohasini takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

arxiv ishi va ish yuritish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadallik bilan joriy etish, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish va sugʻurta nusxalarini yaratish;

arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish ishlarini faollashtirish orqali arxiv axborotlaridan foydalanuvchilar sonini kengaytirish;

arxiv xizmatlarini bosqichma-bosqich Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatilishini tashkil etish;

arxivlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda infratuzilmasini yanada modernizatsiya qilish, arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanishning zamonaviy usullarini joriy etish;

arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilgʻor va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yoʻli bilan kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy qilish;

soha xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirishning ilgʻor va shaffof mexanizmlarini ishlab chiqish va tatbiq etish.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2020-yil 1-martgacha respublika shaharlari va tumanlari hokimliklari tomonidan tuzilgan shaxsiy tarkib boʻyicha idoralararo arxivlarni Agentlik idoraviy boʻysunuviga oʻtkazsin va ular negizida shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlarini tashkil etsin.

Belgilansinki, shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari faoliyatini moliyalashtirish:

xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishdan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablagʻlari;

xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

9. Agentlik 2023-yil 1-yanvargacha bosqichma-bosqich davlat arxivlari saqlovida boʻlgan shaxsiy tarkib hujjatlarini shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlariga oʻtkazish choralarini koʻrsin.

10. Agentlik:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda boʻsh turgan davlat mulki obyektlari, shuningdek, rekonstruksiya qilinishi va mukammal taʼmirlanishi lozim boʻlgan davlat arxivlarining foydalanilmayotgan bino va inshootlarini xatlovdan oʻtkazib, ularning roʻyxatini tuzsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar shaxsiy tarkib boʻyicha davlat arxivlarini davlat-xususiy sheriklik asosidagi shaxsiy tarkib hujjatlari arxivlariga aylantirish choralarini koʻrib chiqsin.

11. Agentlik bir oy muddatda:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

Agentlik faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.

12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

   Prezidenti                           Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 20-sentyabr

 

O’zA