Chorvachilik tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Chorvachilik tarmogʻini jadal rivojlantirish, zamonaviy va innovatsion uslublarni joriy etish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash hamda chorvachilikka ixtisoslashgan korxonalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Parrandasanoat” uyushmasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi va “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasining Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashini (keyingi oʻrinlarda – Respublika kengashi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin hamda Respublika kengashi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Respublika kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

chorvachilik sohasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash sanoati korxonalari hamda chorvachilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarining oʻzaro hamkorligini taʼminlash;

chorvachilikning barcha tarmoqlari va naslchilik sohasini rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarni muntazam ravishda muhokama qilib borish hamda bu boradagi mavjud muammolarni hal qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;

chorvachilik sohasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari
hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining chorvachilik tarmoqlarini barqaror rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarini hamda chorvachilik boʻyicha investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi yuzasidan axborotlarini muntazam tinglash;

chorvachilik va naslchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, mahsuldorlikni oshirish va ozuqabop ekinlar urugʻchiligini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

chorvachilik xoʻjaliklariga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish holati tahlil qilinishini tashkil etish hamda chorva bosh sonidan kelib chiqib, mutanosib ravishda ekin yerlari ajratilishini nazorat qilish;

chorvachilikning barcha tarmoqlari faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish, ilmiy-tadqiqot natijalari va innovatsion ishlanmalarni mahsulot ishlab chiqarish va naslchilik-seleksiya amaliyotiga joriy etish ishlarini yoʻlga qoʻyish;

chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash sohasini rivojlantirish, jumladan, yangi quvvatlarni ishga tushirish va mahsulotlar turlarini kengaytirish bilan bogʻliq masalalarni hal etish;

kadrlarni tizimli tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) hisobidan chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik boʻyicha, shu jumladan, chorva komplekslarini qurish, yirik va mayda shoxli nasldor chorva mollarini xarid qilish, chorva mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash boʻyicha loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard soʻmgacha miqdordagi kreditlar boʻyicha foiz stavkasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 8 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismiga kompensatsiya yoki kredit summasining 50 foizi miqdorida kafillik taqdim etish;

b) Jamgʻarma tomonidan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga ekvivalenti 20 milliard soʻmdan oshmaydigan xorijiy valyutadagi kreditlar uchun tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 40 foizigacha, lekin 4 foiz punktidan koʻp boʻlmagan miqdorda tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etish.

Belgilab qoʻyilsinki, ushbu band talablari tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Jamgʻarma tomonidan taqdim etiladigan kafilliklar va kompensatsiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining avval qabul qilingan hujjatlari va Hukumat qarorlari bilan tasdiqlangan shartlariga tatbiq etilmaydi.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2020-2022 yillarda:

a) chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratiladi:

respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xoʻjaliklaridan sotib olingan nasldor qoramolning har bir boshiga 1 million soʻm miqdorida;

xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramolning har bir boshiga 2 million soʻm, nasldor qoʻy va echkining har bir boshiga 400 ming soʻm miqdorida;

b) “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasiga aʼzo boʻlgan intensiv usulda baliq yetishtiruvchi xoʻjaliklarga davlat tomonidan quyidagi tartibda subsidiya ajratiladi:

intensiv usulda yetishtirilgan bir tonna baliq mahsuloti uchun 1 million soʻm miqdorida;

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qilingan 1 dona nasldor ona baliqning 3,5 million soʻmgacha boʻlgan xarajatlarining 50 foizi miqdorida;

v) “Parrandasanoat” uyushmasiga aʼzo boʻlgan parrandachilik xoʻjaliklariga har bir bosh 1 kunlik nasldor joʻjani import qilish
bilan bogʻliq xarajatlarning 9 ming soʻmini qoplash uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.

4. 2020-yilda sotib olinadigan nasldor:

a) qoramollar uchun ajratiladigan subsidiyaning umumiy summasi:

respublika hududida faoliyat yuritayotgan naslchilik xoʻjaliklaridan sotib olish uchun 10 milliard soʻm miqdorida;

xorijiy davlatlardan import qilish uchun 40 milliard soʻm miqdorida;

b) qoʻy va echkilarni import qilish uchun ajratiladigan subsidiyaning umumiy summasi 6 milliard soʻm miqdorida belgilansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga, intensiv usulda baliq yetishtiruvchi va parrandachilik xoʻjalikilarga subsidiya berish xarajatlarini 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha xarajatlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan qoplanishini taʼminlasin va 2021-2022 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida tegishli mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi:

a) chorvachilik sohasini rivojlantirish strategiyasini, shu jumladan, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishlarini ishlab chiqish uchun mustaqil konsalting kompaniyalarini oʻrnatilgan tartibda jalb qilgan holda takliflar ishlab chiqsin va 2020-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritsin.

Bunda mustaqil konsalting kompaniyalarini jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasidan qoplansin;

b) Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi va “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda oʻn besh kun muddatda mazkur qarorning 3-bandida belgilangan chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga, intensiv usulda baliq yetishtiruvchi va parrandachilik xoʻjaliklariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan subsidiya berish tartiblarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda subsidiya berish “Oʻzbekchorvanasl” agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi chorvachilik sohasini rivojlantirish strategiyasiga asoslangan holda 2020-yil 1-iyulga qadar 2021-2022 yillarda respublikada faoliyat yuritayotgan naslchilik xoʻjaliklari tomonidan sotiladigan va import qilinadigan nasldor qoramollar, qoʻy va echkilar hamda joʻjalar sonidan kelib chiqib, ajratilishi kerak boʻlgan subsidiya hisob-kitobini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda inobatga olish uchun Moliya vazirligiga kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda chorvachilik sohasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari va chora-tadbirlarga Osiyo taraqqiyot bankining chorvachilikni rivojlantirish uchun 150,0 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlari yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2020-yil 1-mayga qadar sunʼiy suv havzalarining hosildorligidan kelib chiqib, ushbu maydonlarga yer soligʻining tabaqalashtirilgan stavkalarini qoʻllash boʻyicha asoslangan takliflarini Moliya vazirligiga kiritsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi kiritilgan takliflar asosida yer soligʻining tabaqalashtirilgan stavkalarini qoʻllashni 2021-yil byudjeti loyihasini tayyorlashda inobatga olsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar baliq yetishtiruvchi xoʻjaliklarga biriktirilgan sunʼiy va tabiiy suv havzalarining kadastr hujjatlarini “Oʻzdaverloyiha” instituti bilan oʻzaro shartnoma asosida rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari:

a) 2020-yilda yaylovlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5742-son Farmonida nazarda tutilgan qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan sugʻoriladigan yerlarni foydalanishga kiritish hisobidan ozuqabop ekinlarni yetishtirishni yoʻlga qoʻyish uchun chorvachilik xoʻjaliklariga ajratib berilishini taʼminlasin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda paxta-toʻqimachilik klasterlari va paxtachilik-gʻallachilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklari ekin maydonining 10 foiziga beda ekilishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan Respublika kengashiga 2020-yil 1-mayga qadar axborot kiritsin.

12. Respublika kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan chorvachilik, shu jumladan, parrandachilik xoʻjaliklariga ozuqabop ekinlar ekish uchun chorva mollari va parranda bosh soniga mutanosib ravishda ekin yerlari ajratilishini doimiy ravishda nazorat qilib borsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi xodimlarini jalb qilgan holda joylarda sut sogʻuvchilarni tayyorlash hamda malakasini oshirish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil etsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari va “Parrandasanoat” uyushmasi bilan birgalikda parrandalarning yuqori mahsuldor zotlari va krosslarini urchitish bilan shugʻullanuvchi goʻsht yoʻnalishidagi II tartibli reproduktor naslchilik parrandachilik korxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻysin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va “Uzbekistan Airways” AJning 2022-yil 1-yanvarga qadar “Parrandasanoat” uyushmasi tarkibidagi parrandachilik korxonalariga oʻzi ishlab chiqargan tuxum va goʻsht mahsulotlarini eksport qilishda, nasldor inkubatsion tuxum va nasldor bir kunlik joʻjalarni, vaksina, veterinariya dori vositalarini import qilishda, istisno tariqasida, amaldagi havo transportida tashish tariflariga nisbatan 20 foizlik chegirma berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ozuqa ekin maydonlaridan kelib chiqqan holda 2020-2022 yillar uchun ozuqabop ekinlar urugʻchiligini rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Toshkent viloyati hokimligi:

10 kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filialiga oʻquv-tajriba uchastkasi uchun Yangiyoʻl tumani hududidan 30 gektar;

bir oy muddatda “Oʻzbekchorvanasl” agentligi huzuridagi “Oʻznaslchilik” davlat korxonasidagi nasldor buqalarni oziqlantirish uchun ozuqabop ekinlar ekishga Qibray, Yuqorichirchiq va Oʻrtachirchiq tumanlari hududidan 80 gektar sugʻoriladigan yer maydoni ajratilishini taʼminlasin.

17. “Parrandasanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga tegishli boʻlgan Toshkent shahar, Olmazor tumani, Jomiy koʻchasi, 5-uy manzilida joylashgan bino va inshootlarda bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

18. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4005-son qarori 5-bandida belgilangan kompensatsiya berish tartibi lizing tashkilotlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

20. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov – mazkur qarorda belgilangan chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga, intensiv usulda baliq yetishtiruvchi va parrandachilik xoʻjaliklariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat
sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D.Vaxabov – chorva xoʻjaliklariga yer maydonlarini ajratishni taʼminlasin, mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin, har oyda ularning bajargan ishlari toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitsin hamda aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B.T.Norqobilov – chorvachilikning barcha tarmoqlarini, shu jumladan, qoramolchilik, qoʻychilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yoʻnalishidagi investitsiya loyihalari amalga oshirilishini hamda ajratilayotgan subsidiya mablagʻlaridan samarali foydalanilishini taʼminlasin, chorvachilik xoʻjaliklariga mahsuldorlikni oshirishga koʻmaklashsin, naslchilik-seleksiya ishlarini muvofiqlashtirsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari – chorvachilikning barcha tarmoqlari, shu jumladan, qoramolchilik, qoʻychilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik yoʻnalishida loyihalarni amalga oshiradigan tashabbuskorlarga har tomonlama amaliy yordam koʻrsatsin hamda qonunchilikda belgilangan meʼyorlar asosida yer maydonlarini oʻz vaqtida ajratsin;

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K.Koʻchimov hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.D.Xadjayev – mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, press-konferensiyalar, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsinlar.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 29-yanvar

 

OʻzА