O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Ko‘p millatli xalqimiz shu kunlarda Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik sanasini baland ruh va ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlash uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Aynan 1991 yil 31 avgust kuni xalqimiz o‘z Vatani, taqdiri va kelajagiga o‘zi egalik qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Dunyo xaritasida O‘zbekiston Respublikasi – yangi suveren va mustaqil davlat paydo bo‘ldi.
O‘tgan tarixan qisqa vaqt davomida elimizning fidokorona mehnati va qat’iyati bilan milliy o‘zligimiz, qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, ezgu qadriyat va an’analarimiz qayta tiklandi, davlat va jamiyat hayotining tub asoslari o‘zgarib, mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi.
Mustaqil taraqqiyot yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettirish, barcha soha va tarmoqlar rivojini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida bugungi kunda yurtimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan yangi jamiyat va davlat barpo etilmoqda.
Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqealar, xususan, yangilangan Konstitutsiyamizning qabul qilinishi el-yurtimiz Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotganini yana bir bor yaqqol tasdiqladi.
Ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish va tadbirkorlikka keng yo‘l ochish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish hamda aholining turmush farovonligini oshirish, tibbiy xizmatlar va ta’lim sifatini jahon standartlariga moslashtirish, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yurtimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida erishayotgan natijalarimiz tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda, ularni har bir yurtdoshimiz o‘z hayotida sezmoqda, his etmoqda.
Dunyodagi murakkab siyosiy-iqtisodiy vaziyatga qaramasdan, boshlagan islohotlarimizni izchil davom ettirib, yangi bosqichga olib chiqishda biz uchun barcha yutuqlarimiz omili, kuch-g‘ayrat, g‘urur va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotgan Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligini Yangi O‘zbekistonning bugungi taraqqiyot darajasi, shonu shuhratiga mos holda munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur)
2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika komissiyasi (A. Aripov):
Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramining (keyingi o‘rinlarda – Mustaqillik bayrami) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda nishonlanishini ta’minlasin;
barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, “uch avlod uchrashuvi” tadbirlari, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, gastronomik festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini samarali o‘tkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblari, taniqli sportchilardan iborat targ‘ibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishini ta’minlasin;
belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini o‘z yig‘ilishlarida muntazam ravishda eshitib borsin.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga yuqori professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, bastakor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.
4. Joylarda Mustaqillik bayramini yurtdoshlarimizning talab va istaklari asosida, bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:
yangilangan Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, ta’lim va mehnat jamoalarida ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish;
so‘nggi yillarda respublikamiz iqtisodiyotining barcha tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni aniq misollar asosida keng yoritish;
“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak uchun poydevor” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatini ochib berish;
sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlarga alohida e’tibor qaratish;
mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlik muhitini yanada mustahkamlash, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish;
Vatanimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati bo‘lgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining harbiy jangovar qudratini oshirish va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” tamoyilini ro‘yobga chiqarish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ‘ib etish;
Mustaqillik bayrami munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari, mehnat faxriylari, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari”ga kiritilgan hamda e’tibor va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish.
5. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov):
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin hamda mazkur konsert tomoshasini yuksak g‘oyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rsin;
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan birgalikda “Ona diyor ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin;
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etuvchi eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazsin;
mazkur tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini Mustaqillik bayrami arafasida e’lon qilish va tantanali ravishda taqdirlash choralarini ko‘rsin.
6. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
7. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.K. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh. MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 27 iyul