O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

O‘simliklarni zararli organizmlardan ishonchli himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 iyuldagi “Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6262-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

2021-2024 yillarda o‘simliklar karantini va himoyasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-илоvaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tashkiliy tuzilmasi 2-илоvaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 3-илоvaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuzilmasi 4-илоvaga muvofiq;

Viloyatlar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 4a-илоvaga muvofiq;

Toshkent shahar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining tuzilmasi 4b-илоvaga muvofiq;

O‘simliklar karantini va himoyasi tuman (shahar) bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi 5-илоvaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi (keyingi o‘rinlarda  – Agentlik) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro bitimlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

3. Agentlikning o‘z vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, joylardagi davlat hokimiyati organlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va fuqarolar uchun majburiydir.

4. Belgilab qo‘yilsinki, Agentlik bosh direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

5. Agentlikka quyidagi vazifalar yuklatilsin:

o‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish;

tuproq agrokimyoviy tahlillarini o‘tkazish va qishloq xo‘jaligiga yetkazib beriladigan barcha turdagi mineral va mikrobiologik o‘g‘itlar sifatini nazorat qilish, tuproq va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibidagi pestitsid, nitrat va og‘ir metall tuzlari qoldiqlarini dala sharoitida radiologik-toksikologik tahlillardan o‘tkazish;

o‘simliklar karantini va himoyasida prognoz tizimini takomillashtirish, zararli organizmlarga qarshi kurashning uyg‘unlashgan samarali usullarini belgilash hamda ijrosini nazorat qilish, monitoring olib borish, iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlarning respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish hamda yo‘q qilish;

O‘simliklar klinikalari va biolaboratoriyalar tizimini rivojlantirish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;

o‘simliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalari hamda mineral va mikrobiologik o‘g‘itlarning biologik samaradorligi bo‘yicha sinovlarni tashkil qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish, qishloq xo‘jaligida kimyolashtirish va biologik vositalardan foydalanish sohasida normativ, reglament va standartlar ishlab chiqish hamda kimyolashtirish va biologik vositalar realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi sub’ektlar faoliyatini muvofiqlashtirish;

fitosanitar xavfsizlikni ta’minlashda ilmiy, uslubiy va ta’lim salohiyatini rivojlantirish, zamonaviy innovatsion yechimlar, rejalashtirish va boshqarish usullarini joriy etish, ilg‘or texnologiyalar hamda ish usullarini joriy etishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sohada kadrlarni tizimli qayta tayyorlash
va ularning malakasini oshirishni tashkil etish.

6. Agentlik, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda “O‘zagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarni tugatish bo‘yicha Respublika komissiyasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) tugatilayotgan “O‘zagrokimyohimoya” AJning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi:

chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatini “O‘zagrokimyohimoya” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Agentlikka o‘tkazish;

tut parvonasiga qarshi kurash bo‘yicha davlat buyurtmasini berish vazifasini Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga yuklash;

b) O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining O‘simliklar karantini tizimini rivojlantirish jamg‘armasi negizida Agentlikning O‘simliklar karantini va himoyasi tizimini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma)ni qayta tashkil etish;

v) Agentlik tizimida:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tizimidagi O‘simliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi negizida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti (keyingi o‘rinlarda – Ilmiy-tadqiqot instituti) va uning mintaqaviy filiallari;

Ilmiy-tadqiqot institutining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridagi filiallari;

“Agrokimyo stansiyasi” MCHJ va uning hududiy bo‘linmalari negizida Respublika agrokimyoviy tahlil markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) va uning hududiy bo‘linmalari;

“Respublika o‘quv-ishlab chiqarish biolaboratoriyasi” MCHJ va “Respublika “Biosifat” markaziy laboratoriyasi” MCHJ negizida “Biosifat” respublika markazini tashkil etish;

Bunda “Agrokimyo stansiyasi” MCHJ va uning hududiy bo‘linmalarining, “Respublika “Biosifat” markaziy laboratoriyasi” MCHJ va “Respublika o‘quv-ishlab chiqarish biolaboratoriyasi” MCHJning ulushi to‘liq Agentlikka o‘tkaziladi;

g) “Agrokimyo stansiyasi” MCHJ hududiy filiallarining laboratoriyalarini modernizatsiya qilish maqsadida sotib olingan zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalarini hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarning ustav kapitalidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga Respublika agrokimyoviy tahlil markazi va uning hududiy bo‘linmalari balansiga berish.

7. Belgilansinki:

2021 yil 1 avgustdan boshlab Ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallari xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

Ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallariga ajratilgan xonalarni zarur tashqi muhandislik kommunikatsiyalari hamda infratuzilmasiga ulash, mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, laboratoriya uskunalari bilan jihozlash ishlari Jamg‘arma hamda xalqaro grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;

Ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallari xodimlariga Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari qo‘llaniladi;

Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallarini saqlash xarajatlari 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Agentlikka ajratiladigan mablag‘lar doirasida, 2022 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

Ilmiy-tadqiqot instituti, Markaz va “Biosifat” respublika markazi davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxslar hisoblanadi;

Ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallari, Markaz va uning hududiy bo‘linmalari, “Biosifat” respublika markazi, Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatlari respublika byudjetidan, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari asosida ajratiladigan grantlar, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun shartnomalardan tushum, xalqaro moliya institutlari grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan moliyalashtiriladi;

mazkur qarorning 8-bandiga muvofiq tashkil etilgan muassasalar huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha ushbu muassasalar tuzilishi uchun asos qilib olingan tashkilotlarning huquqiy vorisi hisoblanadi.

9. Quyidagilar:

a) Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

Jamg‘arma mablag‘lari;

xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak vositalari va grantlari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari etib belgilansin:

import va tranzit karantin ruxsatnomalari, xalqaro, ichki va reeksport fitosanitariya sertifikatlari, transport birligini ochish va karantin ko‘rigi dalolatnomasi rasmiylashtirilishidan olinadigan to‘lovlar;

o‘simliklarni himoya qilishda qo‘llaniladigan kimyoviy vositalar, mineral va organik o‘g‘itlarni saqlashrealizatsiya qilishni litsenziyalashdan olinadigan to‘lovlar;

ko‘rsatilgan laboratoriya tahlillari xizmati uchun olinadigan to‘lovlar;

zararsizlantirish (fumigatsiya) ishlari o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun olinadigan to‘lovlar;

biolaboratoriyalar faoliyati uchun beriladigan texnik ruxsatnoma va biomahsulot sifati bo‘yicha sertifikatlar uchun olinadigan to‘lovlar;

kimyoviy va biologik himoya vositalarining biologik samaradorligi bo‘yicha o‘tkaziladigan sinovlar uchun olinadigan to‘lovlar;

ma’muriy huquqbuzarlik uchun qonunchilikka muvofiq undiriladigan jarimalar;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilab qo‘yilsinki, Jamg‘arma mablag‘lari Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni hal etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, shuningdek, Agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

10. Agentlik va uning tizimida yangidan tashkil etilayotgan tashkilotlarning shtat birliklari hamda boshqa xarajatlarini qoplashga qo‘shimcha ravishda talab etiladigan mablag‘lar Davlat byudjetining 2021 yil parametrlarida zararkunandalarga qarshi kurashish hamda favqulodda vaziyatlarda hosilni saqlab qolishni ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplansin.

11. O‘simliklarni himoya qilishning yaxlit tizimi yaratilayotganligi va ushbu tizimning faoliyati birinchi navbatda o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklari tarqalishining oldini olishga qaratilganligini hisobga olib, zararkunandalarga qarshi kurashish hamda favqulodda vaziyatlarda hosilni saqlab qolishni ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 2022 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida Agentlik uchun 50 milliard so‘m mablag‘ ko‘zda tutilsin.

12. 2021 yilning 1 avgustidan boshlab Agentlik va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan Jamg‘armaga kelib tushadigan davlat boji va yig‘imi ko‘rinishidagi tushumlarning 25 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdori Agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish uchun yo‘naltirilsin.

13. Agentlik bosh direktoriga quyidagi huquqlar berilsin:

boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Agentlikning markaziy apparati va uning quyi tashkilotlari tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmalari, Agentlikka idoraviy mansub tashkilotlar nizomlari va tuzilmalarini, shuningdek, ular boshqaruv xodimlarining belgilangan sonini tasdiqlash;

ishlab chiqarish zarurati va ish yuklamasidan kelib chiqib Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish;

bo‘ysunuvdagi idoralarning nizomini tasdiqlash;

malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni ishga yollash.

14. Agentlikka, unga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun agrodronlarni Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi orqali olib kirish va Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi tomonidan ulardan foydalanish huquqi berilsin.

Agentlik tomonidan zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi uch kun muddatda agrodronlarni ishga tushirish uchun ruxsatnoma bersin.

15. Agentlik:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning markaziy va yirik shaharlarida hamda Toshkent shahrining barcha tumanlarida manzarali va mevali daraxtlar, butalar hamda gullarni zararli organizmlardan himoya qilishda alohida nazoratni amalga oshirsin;

bir oy muddatda Respublika agrokimyoviy tahlil markazi, Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatlari, O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti va “Biosifat” respublika markazi tuzilmalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning markaziy va yirik shaharlarida hamda Toshkent shahrida davlat unitar korxonasi shaklida Manzarali va mevali daraxtlar, butalar va gullarni zararli organizmlardan himoya qilish markazini quyidagi vazifalar yuklatilgan holda tashkil etish choralarini ko‘rsin;

manzarali va mevali daraxtlar, butalar hamda gullarni zararli organizmlardan himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

manzarali va mevali daraxtlar, butalar hamda gullarni zararli organizmlardan himoya qilish bo‘yicha preparatlar hamda mineral o‘g‘itlar zaxiralarini shakllantirsin.

17. Quyidagilar:

Agentlikning markaziy apparati Toshkent shahri, Mirobod tumani, Nukus ko‘chasi, 77a-uy;

Ilmiy-tadqiqot instituti va “Biosifat” respublika markazi Toshkent viloyati, Qibray tumani, Bobur ko‘chasi, 4-uy;

Markaz Toshkent viloyati, Qibray tumani, Bobur ko‘chasi, 8-uy manzillari bo‘yicha joylashtirilsin.

18. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Agentlik zimmasiga yuklatilgan nazorat mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini belgilangan tartibda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.

19. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bosh direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi 

         Prezidenti                                                         Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri, 

2021 yil 15 iyul