Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi davlat va shaxs, jamiyat va inson munosabatlarida har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bir qator tamoyillar ilgari surilgan hujjat.

Ushbu tamoyillar mamlakatimizning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlarida eng muhim o‘rin tutishi Yangi O‘zbekistonda insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasida bundan buyon tutadigan pozitsiyasini dunyo hamjamiyati tan olishiga zamin yaratadi.

Ayni kunlarda Taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, undan kelib chiquvchi vazifalarni belgilab olishga qaratilgan qator uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan ham “Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasidagi inson qadrini ta’minlashning ustuvor maqsad va vazifalarini amalga oshirishda parlamentning o‘rni” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash qaratilgan Taraqqiyot strategiyasi 2026 yilgacha bo‘lgan bunyodkorlik jarayonini qamrab oladi va yilma-yil amalga oshirib boriladi.

Undagi yettita ustuvor yo‘nalish zamirida inson qadrini ta’minlashdek ulug‘ maqsad yotganligi alohida e’tirof etildi. Masalan, “Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo qilish” deb nomlangan 1-yo‘nalish 12 maqsad va 45 ta vazifani qamrab olgan. Ushbu maqsadlarga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo‘lgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, natijada mahallani jamiyatning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylantirish vazifasi qo‘yilgan.

Shuningdek, “Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart” g‘oyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi “Xalqparvar davlat” milliy dasturini amalga oshirish, xalq bilan ochiq muloqotning mexanizmlarini yanada takomillashtirish, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish kabi vazifalar qo‘yilgan.

Davra suhbati ishtirokchilari bu muhim vazifani amalga oshirish uchun barcha manfaatdor vazirlik va idoralarning, asosiysi, fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlarini safarbar qilish lozimligini alohida ta’kidladilar.

Yakunda Taraqqiyot strategiyasidan kelib chiqqan inson qadrini ulug‘lash va manfaatlarini to‘liq ta’minlash bilan bog‘liq maqsadlarni amalga oshirishda Oliy Majlis oldida turgan dolzarb vazifalar yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA