Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligiga
Termizda “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Anjuman Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Davlatimiz rahbarining konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Konferensiya Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Ikki kun davom etadigan tadbirda dunyoning o‘nga yaqin davlatidan din arboblari, nufuzli ta’lim muassasalari olimlari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etmoqda.
Xalqaro anjumanning yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Xalqaro musulmon ulamolar kengashi raisi (Turkiya Respublikasi) Ali Muhyiddin Qoradog‘iy, Butunjahon fatvo hay’atlari bosh kotibi (Misr Arab Respublikasi), Misr Arab Respublikasi muftiysi Nazir Muhammad Ayyod, Hindiston Ulamolari uyushmasi raisi Arshad Madaniy, Islom tafakkuri instituti direktori, professor, doktor (Turkiya Respublikasi) Mehmet Go‘rmez va boshqa olimu ulomalar so‘zga chiqib, nufuzli anjuman ishtirokchilarini tabrikladi. O‘z davrida muqaddas islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning hayoti va ilmiy faoliyatini o‘rganib, tadqiq etish yo‘lida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlar va dunyo mulkiga aylangan asarlarining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
Yalpi majlisda, shuningdek, Imom Termiziy va termiziy allomalar ilmiy merosini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan targ‘ibot faoliyati va uslublarini zamon talablariga mos holda rivojlantirib borish, targ‘ibotning yangi metodlari va vositalaridan keng foydalanish yuzasidan tajriba almashildi. Islom dini ravnaqiga, Islom sivilizasiyasi rivojiga benazir hissa qo‘shgan Imom Termiziy va termiziy allomalarning olamshumul ahamiyatga molik diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar natijalari umumlashtirilib, ularning navbatdagi bosqichida dolzarblik kasb etayotgan vazifalar belgilab olindi. Muqaddas islom dinining asl g‘oya va maqsadlarini xato talqin etib, ularni buzg‘unchi maqsadlarda sharhlash yo‘li bilan yoshlarning ongi va dunyoqarashini zaharlashga harakat qilayotgan oqimlarga qarshi islom ulamolari, diniy va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini birlashtirishga, buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlar ongida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni azaliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash masalalariga e’tibor qaratildi.
–Ushbu xalqaro anjuman sabab islom olamining olti buyuk muhaddis olimlaridan ikki nafari – Imom Buxoriy va Imom Termiziy tavallud topgan va mangu qo‘nim topgan maskan – O‘zbekistonga kelib, u zotlarning muqaddas go‘shalarini ziyorat qilishimni nasib etgan Allohga hamdlar aytaman, –deydi Misr Arab Respublikasi muftiysi Nazir Muhammad Ayyad.–Mazkur xalqaro anjumanni tashkil etib, bizlarni unga taklif etgan O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatiga, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildiraman. Nufuzli xalqaro anjuman islom olami hadisshunoslik sohasida yangi bosqichni ochib berishi, Imom Termiziy va termiziy allomalarning ilmiy merosini chuqur tadqiq etishda muhim dasturilamal bo‘lishiga ishonaman.
Anjuman shu’ba yig‘ilishlari bilan davom etdi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Termiziy –islom sivilizatsiyasi tarixida munosib peshqadam” masalasiga bag‘ishlangan shu’ba yig‘ilishida mahalliy va xorijlik islomshunos olim va ilmiy tadqiqotchilarning ma’ruzalari tinglandi.
“Termiz Palace” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan “Hakim Termiziyning ilmiy merosi va bugungi jamiyat” masalasiga bag‘ishlangan shu’ba yig‘ilishi qatnashchilari buyuk alloma asarlari tadqiqotiga bag‘ishlangan qiziqarli ma’ruzalarini taqdim etdi.
“Zoom” orqali onlayn tashkil etilgan “Termiziy allomalarning ilmiy merosini o‘rganish” masalalariga bag‘ishlangan shu’ba yig‘ilishida ham mamlakatimiz va xorijlik olimlar, ilmiy tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzalarda Termiz hadis maktabi, Imom Termiziy hayoti va ilmiy merosi, Imom Termiziyning hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni, Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” asarining o‘ziga xos jihatlari, Hakim Termiziyning hayoti va ilmiy merosi, Hakim Termiziyning hadis ilmida tutgan o‘rni, Termiziy allomalar ilmiy merosi va ularning hozirgi kundagi ahamiyati kabi ko‘plab mavzulardagi dolzarb ma’ruzalar qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari Prezident Shavkat Mirziyovga murojaat yo‘lladi. Termiz deklaratsiyasi qabul qilindi.
“Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ertaga davom etadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
Jonibek Qo‘zimurov (surat),O‘zA