Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan qurilish sohasida Davlat dasturlari ijrosi ahvoli va ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatilgan.
Bu borada Respublika prokurorining sohaviy o‘rinbosari tomonidan Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlaridagi qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan ijtimoiy soha ob’ektlarida tasdiqlangan tarmoq jadvallariga asosan ishlarning tashkil qilinishi ahvoli o‘rganildi. Mas’ullarga ob’ektlarni o‘z muddatida va sifatli topshirish, byudjet mablag‘larini talon-toroj etilishini oldini olish, o‘quv muassasalarini qurilishini pudratchilar tomonidan ishchi kuchi va maxsus texnikalar sonini ko‘paytirish orqali jadallashtirish va ishchilarni rasmiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
So‘ngra hududdagi ijtimoiy soha ob’ektlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ahvoli, isitish qozonlarini almashtirish, ortiqcha iste’molga sabab bo‘layotgan holatlarni bartaraf etish, bu yo‘nalishda energiya tejamkor uskunalarni tatbiq etish hamda ijtimoiy soha ob’ektlari va aholini ko‘mir mahsuloti bilan uzluksiz ta’minlash borasidagi ishlar ahvoli o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida tegishli mutasaddilarga ijtimoiy soha ob’ektlarida qo‘shimcha ko‘mir zaxiralarini yaratish, qozonxona va elektr generatorlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va mavjud muammolarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.